2023-yilning 11-aprel sanasida Liga Samarqand viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti nomiga xat yo‘llagan bo‘lib, unda 2024-yilgi mavsumda viloyat Superliga uchrashuvlarini qabul qila olmasligi ma’lum qilingandi.
Shunga qaramay, 2023-yilning 14-dekabr kuni Liga mutaxassislari Samarqand shahrida bo‘lib, Dinamo stadionini yana bir bor o‘rganib chiqdi. O‘rganishlar xulosasi esa mavjud sharoit Superliga uchrashuvlarini o‘tkazishga to‘sqinlik qilishini yana bir bor tasdiqladi.
Dinamo stadioniga 2012-yilda Sportmaster maysasi ekilgan. 5 ballik tizimda maysa sifati 3,5, maydonni parvarishlash darajasi 2, maysaning chidamliligi 1 ballga loyiq ko‘rilgan. Maysa butun maydonning 90 foizigacha qismini egallagan va uning 30 foiz qismi asosiy rangdan farq qiladi. Ildiz uzunligi 7 sm. Suvning yutilib ketish darajasi bor yo‘g‘i 10 foizni tashkil qiladi. Bu esa maydon drenaj tizimini to‘liq yangilashni taqazo etadi. Maydonda yovvoyi maysalar hamda zararkunandalar mavjud. Tuproq mustahkamligi umumiy 10 balldan 1 balga loyiq ko‘rilgan.
Shuningdek, Dinamo stadionida maydonni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan eng zarur texnikalardan birortasi mavjud emas. Bu esa keyinchalik ham katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Dinamo maydoni to‘liq yangilangach, mazkur maydonni uzoq yillar bir maromda asrash uchun zarur texnikani xarid qilish lozim bo‘ladi.
Dinamo 10-yanvar sanasiga qadar Superliga uchrashuvlarini o‘tkazish uchun boshqa stadion bilan uch tomonlama kelishuv imzolashi lozim.