Superliga-2023. Toza o‘yin vaqti va 2-tur

2-turning markaziy bellashuvi Farg‘onada bo‘lib o‘tdi. Yorqin kechgan bellashuv toza o‘yin vaqti borasida turning eng yaxshisi bo‘ldi. Uni Ilgiz Tantashev boshqarib borgandi. 

Nasaf ishtirokidagi bellashuv ilk turdagi kabi eng yaxshisi bo‘lishi mumkin edi. Biroq Turon posboni Rahim Davronov 20-daqiqadan boshlab o‘yin vaqtini sun’iy cho‘zishni boshladi. Birgina uning o‘zi butun o‘yin davomida 11 daqiqa 39 soniyani yo‘q qildi. Biroq bu baribir Turonga foyda keltirmadi. 99-daqiqada Husniddin Aliqulov uning darvozasiga g‘alaba golini urdi. 

Liga Rahim Davronov tomonidan cho‘zilgan daqiqalarni yig‘ib chiqdi. Normal futbol ko‘rish uchun stadionga kelgan yoki o‘yinni ekran qarshisida tomosha qilgan ishqiboz 11 daqiqa mana shunday sahnalarni ko‘rishga majbur bo‘ldi. O‘sha vaqtda Turon bosh murabbiyi sifatida Baxtiyor Ashurmatov faoliyat olib borayotgandi. Biz 2024-yildan boshlab bu kabi holatlarga qarshi jiddiy kurash olib boramiz.

Turning yana bir qiziqarli kechishi kutilgan OKMK — Bunyodkor o‘yini voqealar ketma-ketligi bo‘yicha o‘zini oqladi. Maydonda so‘nggi daqiqalarga qadar kurash kechdi. Biroq Rustam Lutfullin hakamlik qilgan uchrashuvda toza o‘yin vaqti 1 ta to‘liq taymdan salgina oshdi. Bunyodkor hisobda ikki marta oldinga chiqib olgach, uni saqlab qolish payida bo‘ldi va butun uchrashuv davomida 26:30 daqiqani shuning uchun sarfladi. OKMK futbolchilari esa 20:30 daqiqani toza futbolsiz o‘tkazishdi. 

Turning eng past natijasi ketma-ket ikkinchi turda ham Rahimbek Karimov ishlagan o‘yinda qayd etildi. Surxon — Andijon bellashuvida toza o‘yin vaqti to‘liq bir taymga ham etmadi. Mazkur bellashuvda bosh hakam jarohat oldi va bu 05:11 daqiqa vaqt oldi. Aziz Asimov ishlagan VAR esa 09:59 daqiqa, ya’ni, 10 daqiqa vaqt sarfladi. Bosh hakam ilk bo‘limga 6, ikkinchisiga 9 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Golni nishonlash, jamoalar o‘zi yo‘qotgan vaqtlar, zaxira urinishlari uchun ketgan daqiqalar bunda ko‘rinmadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb