Liga o‘zining ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilar ro‘yxatini muntazam e’lon qilib boradi. 2023-yilda bunday futbolchilar soni 296 nafarni tashkil etdi.
Ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilar ro‘yxati
Keyinchalik mazkur ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining Davlat xizmatlari departamentiga futbolchining yoshi kichraytirilishi bilan bog‘liq holat mavjud yoki yo‘q ekanligini aniqlash uchun yuboriladi. Sababi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmonida mamlakatda futbolni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar sifatida xalqaro va milliy darajadagi futbol musobaqalarida qatnashuvchi sportchilarning biologik yoshini sun’iy kichraytirish kabi salbiy holatlarning mavjudligi qayd etilgan bo‘lib, kelgusida bu kabi holatlar oldini olish belgilangan.
O‘zPFL kichraytirilgan yosh bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan yana uch futbolchi bo‘yicha o‘rganish boshladi
O‘rganishlar natijasida ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilar orasidan har yili 2-3 nafarining hujjatlarida yuqoridagi kabi holatlar qayd etiladi. O‘z navbatida Liga bu kabi holatlarga qarshi jiddiy kurash olib borgani holda, professional futbol klublari yordamida futbolchining hujjatlari qonun doirasida haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirilishini nazorat qiladi. Bunda Liga katta futbolga endigina qadam qo‘yayotgan yosh futbolchining kelajagi borasida maksimal darajada qayg‘uradi. Zero, bu kabi holatlar futbolchi tomonidan ixtiyoriy ravishda emas, aksar holatlarda uning ota-onasi yoki yaqinlari tomonidan amalga oshiriladi. Unutmaslik kerakki, bugunga kelib Liga bu kabi illatlarga qarshi kurashishning samarali usullarini qo‘llamoqda. Ammo Liga talabidan keyin ham futbolchining hujjatlari uning haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirilmasa, mazkur holatga huquqiy baho berish va tegishli tartibda chora qo‘llash yuzasidan ish tegishli prokuratura organlariga oshiriladi.
Yuqorida qayd etilgan 296 nafar yosh futbolchining hujjatlari o‘rganilganida ulardan 3 nafarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomasi va boshqa hujjatlari o‘rtasida tug‘ilgan yili bo‘yicha yozuvlarda tafovut borligi aniqlandi. Mazkur uch futbolchining shartnomasi Superliganing ikki klubi tomonidan Liga ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Liga tegishli futbol klublariga futbolchilarning hujjatlarida tug‘ilgan yili yuzasidan tafovut borligi aniqlangani, ularning xujjatlari 1 oy ichida haqiqiy tug‘ilgan yili qayd etilgan holda rasmiylashtirilishini ta’minlash to‘g‘risida rasmiy xat yubordi. Shundan so‘ng, bir nafar futbolchining yoshni kichraytirish bilan bog‘liq holati bartaraf etilib, uning haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha hujjatlari rasmiylashtirildi. Ish o‘z vaqtida qonun doirasida hal etilganidan kelib chiqib, Liga futbol klubi hamda futbolchining nomini jamoatchilik uchun oshkor etmaydi. Biroq bu kabi holatdan qolgan futbol klublari hamda hali hamon eski qarashlar bilan o‘z farzandining kelajagini so‘roq ostida qoldirayogan ota-onalar xabardor bo‘lishi uchun mazkur xabar chop etilmoqda.
Qolgan ikki nafar futbolchi tegishli futbol klubi bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada mazkur ikki futbolchi bilan muloqot o‘rnatilib, aniqlangan holat bo‘yicha tushuntirish berildi. Ular tomonidan mazkur kamchilik ixtiyoriy ravishda, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bartaraf etish uchun muddat so‘raldi. Agar mazkur futbolchilar belgilangan muddatda qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z hujjatlarini haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirmasa, holatga aniqlik kiritilishi, qonunbuzilish holatlariga vakolati doirasida huquqiy baho berilishini so‘rab prokuratura organlariga murojaat qilinadi.