Har turning toza o‘yin vaqtlarini e’lon qilamiz. O‘quvchida taqqoslash imkoniyati bo‘lishi uchun mashhur Opta statistikasidan foydalanamiz. U orqali La liga, APL hamda A seriya’ning 2022/23-yilgi mavsumidagi barcha o‘yinlarning o‘rtacha toza o‘yin vaqtini ko‘rish mumkin. Bunda albatta tezlik emas, vaqt masalasi nazarda tutilgan.
Superliga ilk turida Nasaf — Andijon o‘yini 66 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan. Vadim Agishev boshqarib borgan uchrashuvda to‘xtalishlar 87 tani tashkil qiladi. Shu turdan o‘rin olgan hamda Firdavs Norsafarov boshqarib borgan Turon — Buxoro uchrashuvda to‘xtalishlar soni yanada kamroq — 82. Bu esa foizlarda mazkur ikki bellashuv toza o‘yin vaqti masalasida yaxshiroq natija qayd etishiga zamin yaratgan.
Bunda yana bir jihatga e’tibor qaratish mumkin. Uchrashuv favoriti hisoblangan Nasaf mavsumni 3 ochko bilan boshlash ilinjida faollikni daqiqama-daqiqa oshirib borgan. O‘z navbatida Andijon ham uchrashuvni ortiqcha cho‘zish uchun harakat qilmagan va yakunda g‘alaba golini urishga ham erishgan.
Bekobodda kechgan va Rahimbek Karimov boshqarib borgan Metallurg — Neftchi bahsida turdagi eng past ko‘rsatkich qayd etilgan. Neftchi birinchi bo‘limning o‘zidayoq 2 ta gol farqi bilan oldinga chiqib oladi. Safarda o‘ynayotganidan va hisob o‘zini qoniqtiradigan ko‘rinishda ekanligidan kelib chiqib, mehmonlar ikkinchi bo‘limda tempni ortiqcha oshirishga intilmagan. Bu esa tabiiy holat.
Ma’lumot uchun, Turkiya Superligasi yetakchilari bo‘lgan Fenerbahche va Galatasaroy bir necha kun avval o‘zaro to‘qnash kelishdi. Turkiya nashrlari mazkur bellashuvda toza o‘yin vaqti 43 daqiqani tashkil qilganiga e’tibor qaratdi. Bir taymdan ham kam bu ko‘rinish sababli uchrashuv muxlislar kutganidek yorqin kechmadi: qoida buzishlar, ko‘p to‘xtalishlar va durang natija.