O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasining 2023-yil 15-dekabrdagi 12-03-sonli yig‘ilishi bayoniga muvofiq futbol klublari futbolchilar va murabbiylar oldidagi qarzdorligini 2024-yilning 10-yanvariga qadar to‘liq bartaraf etishi hamda buni tasdiqlovchi hujjatlarni O‘FA’ga taqdim etishi kerak. Mazkur muddatga qadar qarzdorlikni to‘liq bartaraf etmagan futbol klubiga nisbatan qishki transfer oynasi bilan bog‘liq sanksiyalar qo‘llanadi. Bu haqda O‘FA futbol klublarini rasman boxabar qildi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil yakuniga yetib borayotgan bo‘lsa-da, ayrim futbol klublari futbolchilar va murabbiylar oldidagi qarzdorligini bartaraf etmagan. Vaholanki, litsenziyalash bo‘yicha reglamentning F.04-bandiga asosan futbol klubi o‘zining joriy/sobiq futbolchisi hamda murabbiyi oldidagi qarzdorlikni o‘z vaqtida bartaraf etishi, shuningdek, qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani Litsenziya beruvchi organga taqdim etishi lozimligi belgilangan.