Superliga maydonlari Liga tomonidan to‘liq tekshirib chiqildi

23-dekabrga qadar Superliganing yangi mavsumi uchrashuvlarini qabul qilishi mumkin bo‘lgan stadionlar maydoni to‘liq o‘rganib chiqilishi aytilgandi. Liga mazkur ishni nihoyaladi.

Endilikda avvaldan ma’lum qilingan talab bo‘yicha har bir stadion maydoni haqida batafsil ma’lumot mavjud. Shu asosda Liga futbol klublari bilan yil davomida ishlashda davom etadi. Tez orada qaysi stadionlar 2024-yilgi mavsum uchun qabul qilingani va qay biri talabga javob bermasligi yuzasidan ma’lumot taqdim etiladi.  

Liga mutaxassislarining stadionlarga tashrifi murakkab jarayon bo‘lib, bunda har bir maydon egasi maysa yoki drenaj tizimi yaxshi ishlayotgani yuzasidan argument keltirishga harakat qiladi. Shuni inobatga olgan holda Liga mutaxassislari zamonaviy asbob-uskunalar bilan maydonlarda bo‘ldi va har qanday ma’lumot maydon egasi bo‘lgan tomon uchun batafsil tushuntirib berildi. Jumladan, Liga mutaxassislari maydon termometri, elektron dinamometr, infiltratsiya apparati va shu kabi boshqa zamonaviy texnikalar yordamida o‘z xulosalarini bayonlashtirdi.  

Tekshiruv ishlari yordamida maysaning butun maydon bo‘ylab qoplanganligi darajasi, jami maysa rangining farqlanganligi ko‘rsatkichi, maysa ildizining chuqurlilik darajasi, unda yovvoyi maysalar, kasallangan yoki zararlangan maysalar mavjudligi, hasharotlar va zararkunandalar bor yoki yo‘qligiga ham ahamiyat berildi. Dastavval tashqaridagi harorat hamda maysa ildizi joy olgan chuqurlikda harorat solishtirildi. Elektron dinamometr kaliti yordamida tuproq mustahkamligi, futbolchining butsasi maydonga qanchalik chuqur botishi va qay tariqa sirpanishi o‘rganildi. Shuningdek, infiltratsiya apparati yordamida maydonda suvning yutilib ketish darajasi o‘lchandi hamda drenaj tizimi faoliyatiga baho berildi. 

Ishchi-guruh e’tibor qaratgan yana bir muhim jihat — klub yoki stadionning maydon parvarishi bo‘yicha maxsus texnikaga ega ekanligi bo‘ldi. Talab bo‘yicha maxsus traktor, yerni yumshatadigan aerator apparati, maysa o‘radigan apparat, maydonga yoziladigan to‘r gilamcha, tekislovchi va tarovchi apparat va dori sepadigan arava apparati har bir stadionda bo‘lishi shart. Bu kabi apparatlarni O‘zbekistonga olib kirish masalasida prezident qarorlarida qator yengilliklar taqdim etilgan bo‘lsa-da, ayrim futbol klublari smeta bo‘yicha mablag‘larni birlamchi zaruriyatlarga emas, asosan oylik-maoshlarga sarf etayotgani Ligaga ma’lum. Mazkur holat Assotsiatsiya hamda Liga tomonidan tanqidiy ruhda ko‘tarilayotgan bo‘lib, 2024-yilgi mavsum smetalari o‘rganilayotgan vaqtda futbol klublariga qo‘yiladigan talablar yanada jiddiylashadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb