Superliga o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkin bo‘lgan stadionlarda o‘rganish ishlari boshlandi

Liga Superliganing 2024-yilgi mavsumiga tayyorgarlik ishlarini boshlagan. Joriy yilning 23-dekabr sanasiga qadar musobaqaga mezbonlik qilishi mumkin bo‘lgan stadionlar maydoni to‘liq ko‘zdan kechirib chiqiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli farmoni ijrosidan kelib chiqib, Liga Superliga stadionlari maydoni va projektorlarini OFK talab qilgan ko‘rsatkichga olib chiqdi. Bugunga kelib, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Yaypan, Olmaliq, Jizzax, Qarshi, G‘uzor, Buxoro shaharlaridagi 1 tadan va Toshkentdagi bir necha stadion OFK bayrog‘i ostidagi xalqaro uchrashuvlarni bemalol qabul qila oladi. 2024-yilgi mavsumda ular qatoriga Termiz shahridagi stadion ham qo‘shiladi. 

Endilikda Prezidentning 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Superliga va Proliga uchrashuvlari o‘tkaziladigan stadionlarga talab yanada kuchaytiriladi. Shundan kelib chiqib, Liga stadionlarni monitoring qilish uchun alohida talab ishlab chiqqan. Uning yordamida Liga mutaxassislari va Liga bilan hamkorlik qilayotgan soha mutaxassislari barcha stadionlar maydonini to‘liq o‘rganib chiqadi. Yakunda ular orasidan talabga javob beradiganlari Superliga uchun tanlab olinadi.

Superligada ishtirok etuvchi biror klub stadioni etarlicha ball to‘play olmasa, mazkur stadion Superliga uchun qabul qilinmaydi. Bunda mezbon futbol klub 2024-yilning 10-yanvariga qadar Liga ruxsat etgan stadionlardan biri bilan kelishuvga erishishi hamda talab etilgan ko‘rinishda uch tomonlama shartnoma imzolashi kerak bo‘ladi. 10-yanvarga qadar boshqa uy stadioni masalasini rasman hal qilmagan futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi yoki Superliga birinchi davrasidagi barcha uy uchrashuvlarni safarda o‘tkazishni nazarda tutuvchi navbatdagi sanktsiya qo‘llaniladi.

Ma’lumot uchun, Liga talab qilgan futbol maydonini o‘z vaqtida taqdim etmagani uchun o‘tgan mavsumning ikkinchi davrasidan boshlab Metallurg uy uchrashuvlarini Olmaliq shahrida o‘tkaza boshladi. 2024-yilgi mavsumda bu kabi klublar soni yanada ortishi mumkin. Talab barcha futbol klubi uchun bir hisoblanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb