O‘zPFL Turkiya klublar birligi bilan hamkorlik aloqalarini boshladi

12-13-oktyabr kunlari Liga vakillari Jahon futbol ligalari assotsiatsiyasining yillik forumida ishtirok etgandi. O‘tgan yil Dubaydagi va bu yil Varshavadagi forum davomida O‘zbekiston hamda Turkiya futboli tashkilotlari o‘rtasida iliq munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. 

Varshavadagi uchrashuv davomida Liga rahbari Diyor Imomxo‘jayev hamda Turkiya klublar birligi bosh kotibi doktor Chag‘ri Ilk O‘zbekiston Superligasi klublarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar uchun Istanbulda o‘quv-seminar tashkil etish masalasida fikr almashgandi. 28-noyabr kuni mazkur masalada yakuniy kelishuvga erishildi.

Shu yilning 7-11 dekabr kunlari Superliganing 7 ta hamda Proliganing 4 ta klubidan bo‘lgan jami 20 nafar mutaxassis Istanbulga tashrif buyuradi. Uning doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun 3 ta asosiy mavzuda: “Futbolchilar selektsiyasi hamda futbol agentlari bilan ishlash”, “Futbol uchrashuvlarini tashkil etish va muxlislar bilan ishlash”, “Marketing va chiptalar savdosi” bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tadi. Bunda futbol klublarining 2024-yilgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishi va aniq rejalar ishlab chiqishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

Seminarlar davomida Fenerbahche klubining rahbarlik organlarida faoliyat olib borayotgan O‘kan O‘zkan, Tezjan Shayli, Egemen Ergyuden, Galatasaray vakillari Murat Ersoy, Jenk Ergun, Nachi Jansun, shuningdek, Turkiya klublar birligi bosh kotibi doktor Chag‘ri Ilk o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etadi. O‘zbekistonlik mutaxassislar o‘z klubi faoliyati bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun Fenerbahche hamda Galatasaray klublari tuzilmasi bilan to‘liq tanishtiriladi, ularga mazkur klublar infratuzilmasi, ish faoliyati to‘liq ko‘rsatiladi.

Seminar ishtirokchilari Turkiya futbol assotsiatsiyasiga qarashli sport markazi bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bugungi kunda o‘z futbol markazini tashkil etish va uni ishga tushirish ishlarini olib bormoqda. Mazkur qadam mamlakat futbolini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida nechog‘li muhim ekanligini O‘FA mutaxassislari Marokash hamda Vengriya misolida o‘rganib qaytishgandi. Bu borada Turkiyada yaratilgan sharoit ham o‘zbekistonlik mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lishiga shubha yo‘q. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb