Coca-Cola Superliga 26-turidan o‘rin olgan Metallurg – Olimpik (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Vesko Steshevich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bizga g‘alaba Olimpik’ga qaraganda muhimroq edi. Lekin birinchi bo‘limga qarasak, ular bizdan yaxshiroq o‘ynadi, ammo biz gol urdik. Ikkinchi bo‘limda ham raqib ustunlik qilishda davom etdi, lekin biz qarshi hujumlarda xavfli edik. Mana shu qarshi hujumlarning biridan G‘ofurov ajoyib tarzda foydalanib ketdi.
Ushbu gollardan so‘ng mana shu ustunlikni saqlab qolish kerak edi. Shunday bo‘lsa-da, gol o‘tkazib yubordik, ammo ulgurdik. Yigitlarni ajoyib mavsum bilan tabriklayman. Ustuvor vazifa bajarildi. Umid qilamizki, Metallurg kelasi mavsumda yana ham yaxshiroq bo‘ladi.
Kelgusi rejalar? Bu masalada gapiradigan bo‘lsak, jamoaning asosini saqlab qolishga harakat qilamiz. Shunday bo‘lsa, juda yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, ayrim yaxshi saviyadagi futbolchilarni tarkibga qo‘shib olish niyatimiz ham bor. Biroq hali futbolchilar bilan bir qarorga kelganimiz yo‘q. Hammasi byudjetga bog‘liq” – dedi Steshevich.