Timur Kapadze: Olimpik futbolchilari ulg‘ayishdi

Coca-Cola Superliga 26-turidan o‘rin olgan Metallurg – Olimpik (2:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“O‘yin yaxshi bo‘ldi, turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqsak, ikki klubga ham bu bahs katta ahamiyat kasb etmasdi. Shunga qaramay, ikki tomon ham g‘alaba uchun maydonga chiqdi.

Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Afsuski, nimadir o‘xshagan bo‘lsa, nimadir o‘xshamadi. Umuman olganda, yigitlar yaxshi harakat qildi.

Metallurg ham yaxshi himoyalandi. Tezkor goldan so‘ng raqib qarshi hujumda o‘ynashni boshladi va bizga qiyinchiliklar tug‘dira oldi. Birinchi taymda ularning pressingi ham bizga muammo bo‘ldi. Futbolchilarim yaxshi kurashishdi, mag‘lubiyatdan chiqib ketishimiz ham mumkin edi.

Shogirdlarim avvalgiga qaraganda ancha o‘sishga muvaffaq bo‘ldi. Ular tajriba to‘play oldi, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, tarkibda ayrim yigitlar uchun bu mavsum birinchisi ekani ham fakt. Ularning xatolari ustida ishlashimiz lozim. Ayniqsa, himoyachilar borasida. Chunki ularning qo‘pol xatosi sabab jamoa gol o‘tkazib yuboradi. Lekin har bir futbolchi xatolar qilib rivojlanib boradi”, – dedi Kapadze.

mib
uzcard
cola
apex
bmb