Coca-Cola Superliga 26-turidan o‘rin olgan Andijon – Buxoro (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘ta hissiyotlarga boy o‘yin bo‘lmadi. Doimgidek yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qildik. Yigitlar kurashishdi va g‘alaba qozonishdi. Mavsumni g‘alaba bilan yakunlashni niyat qilgandik va bunga erishdik. Chempionat ham tugadi. Biz bilan birga bo‘lgan barchani tabriklab qolaman. Eng asosiysi, muxlislar mehrini qozona oldik, deb o‘ylayman. Imkon qadar yaxshi harakat qildik va mavsumni yomon tugatmadik, deb hisoblayman. Keyingi mavsumda yanada yaxshi natijalarga erishamiz, deb umid qilaman.
7-o‘rindan qoniqdimmi? Natijalar va boshqalarni hisobga olib, umumiy xulosani rahbariyat beradi. Men esa murabbiy sifatida albatta doim eng yaxshisini xohlayman. To‘g‘risi, qaerdadir yanada yaxshiroq harakat qilishimiz mumkin edi. Bizga bahoni rahbariyat beradi. O‘ylaymanki, ular kutgan natijani bera olganimizdan mamnunmiz”, – dedi Xomyakov.