Coca-Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan Surxon – Paxtakor (1:2) uchrashuvidan so‘ng sherlar ustozi Maksim Shatskix o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘yinni to‘liq nazorat qildik. Birinchi bo‘limda gol ura olmadik, ammo ikkinchi bo‘limda o‘z maqsadimizga erishdik. Raqib hisobni qisqartira oldi. Eng muhimi, chempionlikka erishdik.
Mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmadik, shu sababli qiyinchiliklarga duch keldik. Ko‘p ochko yo‘qotdik va ko‘p gol o‘tkazib yubordik. Raqibga ko‘p marta gol urishga imkon berganimiz meni xavotirga soladi. Chempionlikka osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. O‘tgan mavsum so‘nggi turda, joriy mavsum bir tur avval chempionlikni nishonladik.
Yangi futbolchilarni jamoaga jalb etamiz. Bu borada reja tuzganmiz va uni amalga oshirishga intilamiz. Keyingi mavsum jamoa butunlay o‘zgaradi. Yanada kuchliroq va agressivroq jamoani ko‘rasizlar. Ko‘p takrorlaganman, qishki transferlar oynasida yaxshi futbolchilarni xarid qilish qiyin. Sababi, ko‘p chempionatlar kuz-bahor tizimi bo‘yicha mavsum o‘tkazadi, sifatli futbolchilar esa o‘z jamoalarida o‘ynashayotgan bo‘lishadi. Yil yarmida yaxshi nomzodlarni topish biroz qiyinchilik tug‘diradi.
Suares va Kavani bilan muzokara olib bordik. Lekin bir narsani tushuninglar, ko‘pgina yaxshi futbolchilarning O‘zbekistonga kelishi qiyin masala. Yulduz futbolchini olib kelish muammo emas, ammo uni ta’minlash kerak. Top futbolchining yonida uning darajasiga teng jamoadoshlari bo‘lishi kerak. Masalan, Messi jamoadoshlarisiz ham bemalol o‘ynay oladi. Qolganlar esa unday emas. Paxtakor top futbolchini O‘zbekistonga bemalol olib kela oladi, ammo bunga to‘sqinlik qiladigan bir nechta muammolar bor. Yulduz futbolchi top darajadagi sharoit bo‘lishini istaydi.
Bizda rejalar ulkan, siz ularning qanday ekanligini tassavur qila olmaysiz. Maqsadlarimizni oldindan aytib qo‘ymayman. O‘zingiz keyinchalik bilib olasiz. Yurtimizda bunday rejalarni tez amalga oshirishning iloji yo‘q. Bunga biroz vaqt kerak.
Paxtakor chempionatda hech kimdan kuchsiz emas. Biz eng kuchli jamoamiz, bizni hech bir raqib o‘yin taraflama mag‘lub eta olmaydi. Biz faqat o‘zimizga o‘zimiz mag‘lub bo‘lishimiz mumkin. O‘zingiz bilasiz, Paxtakor’ga qarshi har bir jamoa qo‘shimcha ishtiyoq bilan o‘ynaydi”, – dedi Shatskix.