Timur Kapadze: Haqli g‘alabaga erishdik

Coca-Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan Olimpik – Navbahor (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Butun jamoamizni g‘alaba bilan tabriklayman! Bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Albatta, Navbahor’dek jamoani mag‘lub etish yoqimli. Haqli g‘alabaga erishdik deb o‘ylayman. Yigitlarimizga rahmat aytaman, Navbahor’ga esa omad tilab qolaman.

Ruslan Jiyanov boshida kelganida yarim yil zaxirada o‘tirgandi. Keyinchalik kuchayib, yangi darajaga chiqdi. Albatta, Ruslanning o‘rni bo‘lakcha, chunki hujumdagi kreativligi, texnikasi bilan jamoaga yordam berayotgandi. U ketdi, uning o‘rniga kelgan futbolchilar ham albatta iqtidorli, ammo ularga vaqt kerak. Ularga imkon beryapmiz va ular sekin-asta o‘sib borishmoqda. Albatta, kimdir o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqda, kimdir esa yo‘q. Bizning vazifamiz ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish. Bu – futbol. Asosiysi, tinimsiz ishlayapmiz.

Olimpik Navbahor’ni chempionlikdan mahrum qildi desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Sababi bu o‘zining emas, Paxtakor’ning qo‘lida edi. Albatta, yutganida nazariy tomonlama imkon bor edi, Paxtakor’da 2 ta o‘yini bor edi, ularga 1 ta g‘alaba yetarli bo‘lardi. O‘ylashimcha, bugungi o‘yin emas, oldingi yo‘qotilgan ochkolar tufayli shunday bo‘ldi. Shunga qaramay, Navbahor yaxshi shakllangan jamoa. Ular ayniqsa, OCHLda yaxshi o‘ynashmoqda. U yerda oson o‘yinlar bo‘lmaydi. Birinchidan, O‘zbekistonni tanityapti. Ikkinchidan, balki bor kuchini OCHLga tashlayotgandir. Uchta frontda kurashish oson emas. Kubok bor edi, OCHL va chempionat”, – dedi Kapadze.

mib
uzcard
cola
apex
bmb