Bugun O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qarshidagi Markaziy stadionda kechgan bellashuvda mezbonlar yagona gol evaziga sovringa ega chiqdi. Bahs taqdirini Javohir Sidiqovning 71-daqiqada penaltidan kiritgan goli hal etdi. O‘yindan so‘ng qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Hammaga salom. Menimcha, muxlislarni xursand qila oldik. Asosiy maqsadimiz ham shu edi. G‘alaba bilan hammani tabriklayman!
O‘yinga kelsak, oson bo‘lmadi. Chunki raqibimiz rostan ham tajribali jamoa edi. Uchrashuv davomida to‘p nazoratidagi ustunlik OKMK futbolchilarida edi. Xavfli vaziyatlar bizda ko‘proq bo‘ldi va g‘alabaga erishdik.
Marko mavsum boshidagi 6 oyni jarohat tufayli o‘tkazib yubordi. Bu uning holatiga ta’sir qilishi tabiiy, lekin jamoviy o‘yinda, maydonda qora ishlarni bajarishda ancha foydasi tegyapti. Xususan, bugungi g‘alabaga ham munosib hissa qo‘shdi.
So‘nggi o‘yinimizdan keyin Umar Eshmurodovning issig‘i ko‘tarilib ketdi. Uning tuzalib ketishi umid qilgan edik. Ammo betobligi sabab tavakkal qilmaslikka qaror qildik.
Penalti belgilangan epizodga kelsak, hakamlar vaziyatni uzoq o‘ylashdi. Ular 11 metrli nuqtani ko‘rsatishdimi, demak, qoida buzilgan. Mening fikrim shu.
Mavsum avvalida 4 ta musobaqada ishtirok etishimiz aniq edi. Yil davomida tig‘iz jadval bizni ancha qiynab qo‘ydi, jarohatlardan ko‘p aziyat chekdik. Shuningdek, 2 nafar yetakchimiz (Norchayev va Aliqulov) jamoani tark etgani qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shunga qaramay, superkubokdan keyin bugun kubokni ham qo‘lga kiritdik. Qolgan 2 musobaqada ham imkoniyatlarimiz saqlanib turibdi. Bu Nasaf tarixidagi eng yaxshi mavsumlardan biri hisoblanadi.
Ochig‘ini aytsam, Chavesdan ko‘p narsa kutgan edim. O‘z vaqtida Boka Xuniors singari katta jamoalar libosini kiygan hujumchidan kutilmalar katta bo‘lishi tabiiy. U safimizga kelib qo‘shilganida formada emasdi, keyin jarohat oldi. Shu sabab o‘zini ko‘rsata olmayapti. Vaziyat o‘zgarmasa, Andres jamoadan ketadi. Bu gap faqatgina unga tegishli emas”, – dedi Berdiev.