Bilasiz, ertaga O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Qarshining Nasaf jamoasi Olmaliqning OKMK klubiga qarshi bahs olib boradi. Bugun mazkur bellashuv oldidan Markaziy stadionda matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Uning dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov hamda jamoa etakchilari Martin Boakye va Xurshid G‘iyosov ishtirok etdi.
Mirjalol Qosimov: Final bahsi bir o‘yindan iborat bo‘lgani uchun bundan faqat muxlislar yutadi. Bashorat qilishni yoqtirmayman, lekin har doim bo‘lgani kabi g‘alabani maqsad qilib maydonga chiqamiz. Negaki, g‘olib nafaqat kubokni qo‘lga kiritadi, balki xalqaro maydonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani ham naqd qiladi.
Futbol shashka yoki shaxmat emas, jarohatlar doim yonma-yon yuradi. O‘ziga xos yo‘qotishlarimiz bor, lekin maydonda bildirmaslikka harakat qilamiz. Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rayman. Bu ham bir sinov. Ichki muhitda muammolar yo‘q.
Har ikki jamoa bir-birini yaxshi biladi. Uchrashuv avvalida ochiq futbol ko‘rmasak kerak. Chunki bitta xato qimmatga tushishi mumkin.
Final uchun va’da qilingan mukofot puli haqidagi savolga shunday javob berishim mumkin. Agar maqsadimizga erishsak, mukofotning bir qismini ehson qilishga kelishib olganmiz.
Martin Boakye: Bizni muhim uchrashuv kutib turibdi. Bu men uchun O‘zbekiston kubogi doirasidagi dastlabki final. Bunday o‘yinlarda qatnashish har bir futbolchining orzusi. Ertaga maydonda haqiqiy jang bo‘ladi. Kim gol urishi muhim emas. Asosiysi, jamoa yaxshi harakatlansa va g‘alaba qozonsak bo‘lgani.
Xurshid G‘iyosov: Finalga tayyorgarlik jarayoni yaxshi tarzda o‘tdi. Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyat tarixda qoldi. Oldimizda kubokning hal qiluvchi bahsi kutyapti. Bunday o‘yinlarda ishtiyoq juda kuchli bo‘ladi. Faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz.