Coca-Cola Superliga 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugun mamlakatimizning ikki eng kuchli jamoasi to‘qnash keldi. O‘yin yaxshi, qiziqarli, kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Afsuski, mag‘lubiyatga uchradik. Natija adolatli bo‘lmadi. Jamoamiz mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Afsuski, vaziyatlardan foydalana olmadik. Aslida yomon o‘yin ko‘rsatmadik.
O‘z maydonimizda, muxlislarimiz qarshisida mag‘lubiyatga uchrash ikki baravar og‘ir, albatta. Natija uchun hammadan uzr so‘rayman. Yigitlarga e’tirozim yo‘q, ular kerakli natijani qayd etish uchun qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. Ammo baxtga qarshi bugun omad bizdan yuz o‘girdi.
Tabatadze jarohatidan forig‘ bo‘lib, safimizga qaytishga yaqin, Jokich esa bugun maydonga tushdi. Muddatidan avval ularni o‘ynata olmaymiz. Ayni paytda ular tiklanish jarayonini olib borishmoqda. Afsuski, Tabatadzeni kubok yarim finalida maydonga tushirib, jarohatini og‘irlashtirib oldik. U ayni paytda tiklanish jarayonida. Keyingi mashg‘ulotlarda Tabatadze umumiy guruh bilan ishtirok etadi va tez kunlar ichida maydonga qaytadi. Yaxshiboyevga keladigan bo‘lsak, u ham davolanyapti. Lekin bu jarohat bilan bog‘liq emas. Hoshimov haqida esa oldin ham to‘xtalib o‘tganman, uning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi, ammo Davron bu yil bizga yordam bera olmaydi.
Mo‘minovga keladigan bo‘lsak, u “Navbahor”ning eng iqtidorli yigitlaridan biri. Jamoa kelajagi. Bugun shunday og‘ir bahsda Mo‘minovni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik. U vaziyatlarda yomon ko‘rinmadi, bir vaziyatda golga assistentlik qilishi ham mumkin edi. Lekin o‘sha vaziyatda, Golbanning zarbasidan so‘ng, afsuski, gol urolmadik. Iqtidorli yigitlarimiz yetarlicha.To‘rt nafar futbolchimiz JChda “Navbahor” nomidan ishtirok etishadi.
Oston asosiy tarkib va terma jamoa futbolchisi. Oston og‘riq bilan maydonga tushyapti. U jamoaga yordam berishni xohlayapti. Barcha muhim o‘yinlarda jamoamiz mag‘lubiyatga munosib emasdi. Omadimiz kelmayapti. Qayerdadir omadimiz kelishi kerak-ku. Aybni o‘zimizdan qidirishimiz kerak. Bugun zaxiramizdan to‘liq foydalandik, tan olish kerak, bor kuchimiz shu. Yigitlar o‘yin davomida yaxshi harakat qilishdi. Afsuski, to‘p raqib darvozasiga kirmayapti. Bu futbol. Balki keyingi bahslarda omad kular.
Biz uchta frontda kurashishga harakat qildik. Afsuski, bizdagi tarkib barcha turnirlarda bir xil o‘ynashga imkon bermadi. Uch frontda kurashish qiyin. Ruhan va jismonan tiklanish hamda tayyorlanish qiyin bo‘ldi. Bu vaziyatda nima qilish kerak? Muhim bahslarda o‘yinni kuchaytira oladigan yoshlarni tayyorlash kerak”, – dedi Babayan.