Coca-Cola Superliga 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” (0:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘yin tempi yuqori bo‘lmadi, ammo kurash ko‘p bo‘ldi. Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun harakat qildi. Mezbonlar ham g‘alabaga haqli to‘p tepishdi. Qaysidir ma’noda omadimiz keldi. Kuchli raqib ustidan safarda g‘alabaga erishdik. O‘ylaymanki, bu ochko mavsum so‘nggida bizga kerak bo‘ladi.
Birinchi bo‘limda 4-4-2 taktikasida o‘ynadik. O‘runov maydonga tushgach, 5-4-1 sxemasida harakat qildik. Chunki, himoyaga ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarur edi.
“Navbahor”ning har bir chizig‘ida kuchli futbolchilar mavjud. Jamoaning so‘nggi ikki yilda saviyasi oshdi. OChL bellashuvlarida ham bunga guvoh bo‘lyapmiz. Mezbonlarda tarkib borasida yo‘qotishlar borligi va charchoq sezildi. Aslida charchoq bizda ham bor edi, ammo omadimiz keldi va vaziyatni golga aylantirdik.
Ligada yaxshi o‘rinlarni egallash uchun imkoniyatimiz bor. Hozir qaysi musobaqaga e’tibor qaratishni o‘ylab olishimiz zarur. Tarkibda yo‘qotishlarimiz bor. Ular bo‘lganida ko‘proq rotatsiya qilardik. Shu sababli bir futbolchini ko‘p o‘ynatishga majbur bo‘lyapmiz. Bu qaysidir pallada pand berishi mumkin.
Chavesdan ko‘p narsa kutgan edik. Ortiqcha vazn va jarohatlar halal berdi. Jigauri o‘tgan bellashuvlarda yaxshi yordam berdi, ammo jarohati sabab bugun jamoamizga yordam bera olmadi. Umuman olganda, legionerlardan to‘liq qoniqish hosil qilmadim”, – dedi Berdiyev.