Samvel Babayan: “Nasaf” bilan qanday jang bo‘lishini tasavvur qilyapman

Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Jismoniy kuch talab qiladigan bellashuv guvohi bo‘ldik. To‘g‘risi, ancha qiynaldik. OChL bahsida katta kuch sarflaganimiz bugungi uchrashuvda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bir qator qiyinchiliklar yuzaga keldi. Yigitlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bunday og‘ir holat bo‘lishiga qaramasdan vaziyatni qo‘lga olishdi. Ayniqsa, hisob zararimizga ishlayotgan paytda ham ular yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Chunki biz bu uchrashuvda faqat g‘alaba qozonishimiz kerak edi.

O‘tkir haqida alohida gapirishim mumkin. Yurtimizdagi eng kuchli top darajadagi darvozabonlardan biri. Penaltini qaytarib g‘alabamizga katta hissa qo‘shgani uchun unga alohida minnatdorchilik bildiraman. Har bir uchrashuv biz uchun juda ahamiyatli. Qanday hisob bo‘lishidan qat’iy nazar – 3:0 yoki 5:0 bo‘ladimi, g‘alaba hammasidan muhim. Uch ochko juda zarur. Ayniqsa, OChLda o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi, milliy chempionatda ham xuddi shunday. Yigitlarimizga yana bir bor rahmat. G‘alabani juda-juda xohlashgandi va ular barcha mahoratini ishga solib, bunga erishishdi.

Ostonni asosiy tarkibda maydonga tushmayotganini boshqa sabablari bor. Bu erda uning sog‘ligi bilan ozgina muammo paydo bo‘lgan. Shu bois O‘runov ba’zi holatlarda asosiy tarkibda tushmaydi. Lekin u maydonga tushyapti va jamoaga kerakli natijani olib kelyapti. Respekt deyishimiz mumkin. Oston jamoamiz etakchisi va milliy terma jamoamizning asosiy futbolchilaridan biri deb hisoblayman.

“Navbahor” O‘runovsiz ham kuchli o‘yin ko‘rsata oladimi? Menimcha, birinchi taymda o‘ynagan yigitlar yomon yomon harakat qilishmadi. 1:0 hisobida yutayotgan paytimizda ikkinchisini ham urishimiz shart edi. Tarkibda mahoratli futbolchilarimiz etarli. Futbolda birgina o‘yinchiga suyanib qolish ham yaxshi emas. Bizda shunday klubimiz bo‘lardi, u faqat bitta o‘yinchiga suyanib o‘ynardi. Agar u bo‘lmasa natija ham yo‘q.

Aytib o‘tganimdek, har qanday klub bir-ikkita futbolchiga suyanib qoladigan bo‘lsa, jamoani kelajagi bo‘lmaydi. Biz ham jamoaviy o‘yinni qurishni niyat qilganmiz. Shunday o‘yin tashkil qilishga e’tibor qaratyapmiz. Bu falsafiy qarashdan ham iborat. Jamoaviy o‘yin tufayli gollar uryapmiz. Bugun ham shunday bo‘ldi. Bir narsani to‘g‘ri tushunish lozim, biz bosim bilan o‘ynayapmiz. Jamoamizga natija juda kerak. Chunki natija uchun o‘ynayapmiz. “Al-Hilol”dek raqiblarga qarshi jamoaviy o‘ynamaganimizda natijaga erisha olmasdik. Biz jamoaviy o‘yin tashkil qilmoqdamiz.

Yo‘qotishlar bor, masalan Ostonni jarohati o‘yinlar davomidagi jarohat va o‘ta jiddiy emas. Keyingi mavsumdagi ishtirokimizga to‘xtalsam, o‘yindan-o‘yinga yuqori natijalarga erishishga harakat qilyapmiz. Keyingi o‘yinimiz “Nasaf” bilan kechadi va qanday jang bo‘lishini tasavvur qilyapmiz. Raqibni qanday kuchga ega ekanini yaxshi bilamiz. Oldin aytgandim, ikkita yo‘limiz bor: hamma turnirda yutib chiqish va Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish yoki barchasini televidenie orqali ko‘rish. Yuqori o‘rinlarga kurashishga jon-jahdimiz bilan intilamiz.

Bitta jamoa bilan uch marta o‘ynash har qanday klub uchun qiyin. Uchala bahsda ham qiyinchilik bilan yutdik. O‘ylaymanki, Tokov va Arslonovdek yosh murabbiylarning mehnati anchagina ekanligi ko‘rinib turibdi. “Surxon”da yulduz o‘yinchilar yo‘q, lekin shunga qaramay, yosh futbolchilarni mahoratli qilib tarbiyalashda ularning o‘rni katta. Aytib o‘tmoqchimanki, bu yigitlar yosh va tajribali. Mamlakatimiz kelajagi bo‘ladigan iqtidorlarni tarbiyalashyapti. Ularga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman. “Surxon”ni shakllangan va kelajagi bor jamoa deyishim mumkin”, – dedi Babayan.

mib
uzcard
cola
apex
bmb