Sergey Arslonov: Barchasi o‘z qo‘limizda edi

Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Arslonov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Biz bugungi o‘yinda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Hammasi o‘z qo‘limizda edi. Biroq oxirgi daqiqada imkoniyatdan foydalana olmasligimiz sababli mag‘lubiyatga uchradik.

Iskanderov va O‘runovni mamlakatimizdagi eng kuchli futbolchilardan deb hisoblayman. Ular maydonda bir-birlarini juda yaxshi tushunib harakat qilishyapti. Bilamizki, ikkala futbolchilar jamoasining etakchilari hamda vaziyatni o‘z qo‘liga oladigan kuchli ijrochilar ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Bunday futbolchilarga qarshi o‘ynash juda qiyin. Qaerdadir yaxshiroq harakat qilishingiz kerak, yana qaerdadir puxta o‘ylab, fikrlab o‘ynamasangiz aks holda ular o‘z vaziyatlaridan yaxshi foydalanib ketadilar. Ostondagi kuchli driblinglar, Jamshiddagi maydonni yaxshi ko‘ra olishlari ularni chempionatimizdagi kuchli futbolchilar ekanligidan dalolat beradi. Bunday futbolchilarga qarshi to‘p surish har qanday raqib uchun og‘ir. Ular milliy terma jamoaga ham bejizga chaqirilmayotganini har bir uchrashuvda isbotlashmoqda. Bugun ham ikkalasi o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishdi, deb o‘ylayman.

Bunday pallalarda o‘yinchilarning ruhiy holati katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Uchrashuvni oxirgi soniyalarda hamma ham penalti tepishga jur’at qilavermaydi va bunday paytda har kimni ham ruhiy holati tayyor bo‘lavermaydi. Bu oson emas. Shu bois futbolchini ham to‘g‘ri tushunish kerak. Penalti – bu lotereya. Ko‘p narsa ruhiy holatga bog‘liq. Agar so‘nggi daqiqalarda ruhiy jihatdan yaxshi bo‘lsa, vaziyatdan foydalanishi mumkin. Buni hech qanday xavotirli joyi yo‘q. Futbolda bu kabi holatlar bo‘lib turadi.

Jamoamizda shtatda penalti tepadiganlar orasida Nimeli ham bor edi. 11 metrli jarima zarbasi belgilangach, u to‘pni oldi va tepishga qaror qildi. Biz unga hech qanday e’tiroz bildirmadik. Ammo foydalana olmadi, nima ham derdik. Bu vaziyatda futbolchini qoralay olmaymiz. Uni ham to‘g‘ri tushunish joiz.

Bu mavsum “Navbahor”ga ikki bor mag‘lub bo‘lgan edik. Shu sababli yigitlar bugungi bahsni intizorlik bilan kutishgandi. Afsuski, bu safar ham natija o‘xshamadi. Jang taklif qilmoqchi edik va jang bo‘ldi. Ammo, natija ularning foydasiga hal bo‘ldi. Agar penaltidan gol urganimizda ochko olgan bo‘lardik. Barchasi ruhiyat bilan bog‘liq. Jamoamizga biroz tajriba ham etishmadi. O‘yinchilarimiz ancha yosh. Lekin o‘ylaymanki, shunday uchrashuvlar orqali yoshlar tajribalarini oshirib boradilar”, – dedi Arslonov.

mib
uzcard
cola
apex
bmb