Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Turon” – “So‘g‘diyona” (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bu hal qiluvchi bahs edi. Yigitlarga “So‘g‘diyona”dan 3 ochko olmasak, qiyin bo‘lishini ta’kidlagan edim. Yigitlar 90-95 foiz ko‘rsatmalarimni bajarishdi. Jizzaxliklar safida har bir pozitsiyada yosh, tajribali, legioner futbolchilar bor. “Qizilqum” – “Olimpik” bahsida durang qayd etildi va jadvalning quyi qismiga intriga qaytdi.
“So‘g‘diyona”ning o‘yin uslubi o‘zgargan, ammo futbolchilarning darajasini yaxshi bilaman. 3-4 pozitsiyada boshlang‘ich tarkibga qaysi futbolchini qo‘yish borasida bosh qotirgan edik, to‘g‘ri tanlabmiz.
Tarkibda yo‘qotishlar mavjud. Humoyun ertadan mashg‘ulotlarga qo‘shiladi. Shohmalik esa tiklanmoqda. Yosh futbolchilarimiz tajriba orttirib, ishonchliroq harakat qilishmoqda. Jarohatlanganlarning o‘rnini U21 va U19 jamoalari tarkibidan to‘ldiryapmiz. Masalan, bugun yaypanlik yosh iqtidor Mirazizga imkoniyat berdik. Ular bizni uyaltirib qo‘yishmayapti.
Navbatdagi turda OKMK bilan kuch sinashamiz. Olmaliqliklarning OChLdagi ishtiroklarini kuzatib kelmoqdamiz. Ammo, ulardan qo‘rqadigan jihatimiz yo‘q, bo‘lmasa, Superligada ishtirok etishning nima keragi bor. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar g‘alaba uchun o‘ynaymiz.
“So‘g‘diyona” biz pressing qilganimizda, biror marta to‘pni shunchaki tepib yubormadi. Balki, faqatgina uzatmalar orqali vaziyatdan chiqishga intilishdi. Biz esa bundan foydalanishga intildik va buni futbolchilarga ta’kidlagan edim. Rahimjon uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga loyiq, ammo barcha futbolchilar bugun yaxshi harakat qilishdi”, – dedi Nazarov.