Coca-Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Olimpik” – “Qizilqum” (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Uchrashuvga yaxshi tayyorlangan edik. Afsuski, qizil kartochka rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramay, 10 kishi bo‘lib ham g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, ammo durang qayd etildi. Balki chetlatish bo‘lmaganda, vaziyat boshqacha bo‘lardi. “Qizilqum”ga to‘pni bergan holda qarshi hujumda harakat qildik.
Muxtorov yoshlar jamoasida ham, mashg‘ulotlarda ham o‘zini ko‘rsatdi va unga imkoniyat berdik. U bundan yaxshi o‘ynay oladi, ammo bosim yoki ruhiy sabab tufayli asosiy tarkibda o‘zini yo‘qotib qo‘ymoqda. Xatolar nafaqat unda, qolganlarda ham ko‘rindi. Ularni to‘g‘rilashga intilamiz.
Bu – futbol. Bo‘riyev chetlatildi, ammo bir futbolchiga qarab qolmasdan, boshqalarga ham imkoniyat berish kerak”, – dedi Kapadze.