Pro ligada mavsum yakunlandi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, ligada dastlabki ikki o‘rinni egallagan “Lokomotiv” hamda “Dinamo” jamoalari Superliga “chiptasiga” ega chiqishdi. Superliganing so‘nggi yo‘llanmasi esa o‘tish o‘yinlari orqali aniqlanadi.
Unga ko‘ra, dastlab ligada 4 hamda 5-o‘rinlarni egallagan “Mash’al” hamda “Sho‘rtan” jamoalari 15-noyabr kuni o‘zaro kurash olib boradi. Mazkur bellashuv g‘olibi 7 kundan keyin Pro liganing uchinchi jamoasi – “Qo‘qon-1912”ga qarshi saf tortadi.
Pley-offning har ikki o‘yinida ham g‘olibni asosiy vaqtda aniqlashning imkoniyati bo‘lmasa, navbat qo‘shimcha daqiqalarsiz penaltilar seriyasiga beriladi. Pley-off g‘olibi yakunda Superliganing 12-jamoasini o‘z uyida kechadigan o‘tish o‘yinida qabul qiladi.