Buxoro U19 Namanganga kela olmadi. Klubga texnik mag‘lubiyat va jarima qo‘llaniladi

Superliga ishtirokchisi bo‘lgan Buxoro futbol klubi OFK talabi asosida o‘tkazib kelinayotgan U19 chempionatining 24-turini o‘tkazish uchun Namanganga tashrif buyurmasligini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida klubdagi moliyaviy holat ko‘rsatilgan. 

Vaholanki, Buxoro futbol klubining yillik harajatlar smetasi O‘FA bilan kelishilgan bo‘lib, unda U19 jamoasi uchun mablag‘ ham ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga qaramay, klub o‘z kelajagi bo‘lgan jamoaga jiddiy e’tibor qaratmaslikni lozim ko‘rdi. Mazkur holat shuni ko‘rsatadiki, jamoa rahbariyatida ehtimoliy harajatlar va iqtisodiy o‘zgarishlarni tahlil qila oladigan mutaxassislar yo‘q. Bu kabi holatlar mavsum boshidan buyon klubda birinchi bor kuzatilmayapti. Avvalroq Buxoroda yangi ta’mirdan chiqqan futbol maydoniga umuman e’tibor qaratilmayotgani, shuningdek, klubga qarashli bo‘lgan “Umid” maydoni mavsumga tayyor emasligi kabi masalalar ko‘tarilgandi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Buxoro U19 jamoasiga Navbahor U19 bilan o‘yinga kelmagani uchun texnik mag‘lubiyat yoziladi. Buxoro futbol klubi esa buning uchun tegishli qo‘mita orqali jarimaga tortiladi. Qo‘shimchasiga, Liga 2024-yilgi mavsumda Buxoro futbol klubining legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolashiga taqiq qo‘yish taklifini O‘FA tegishli qo‘mitasiga kiritadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb