Coca-Cola Superliga 22-turida mehmonda “Neftchi” bilan durang o‘ynagan “Surxon” klubi bosh murabbiyi Sergey Arslonov o‘yin haqida fikr bildirdi.
“Raqib kuchli, saviyasi va darajasi yuqori bo‘lgan jamoa. O‘yin shunga yarasha qiyin kechishini bilgandik. Raqib tezkor hujumlar uyushtirishlarini bilgandik. Shunga yarasha ularga keskin qarshilik qilishni reja qilgandik. Bugun yigitlar harakter ko‘rsatishdi. Ajoyib o‘yin ko‘rsatdik va bir ochko oldik”, - dedi Arslonov.
“Turnir jadvaliga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘rish mumkinki, kuchli beshlik uchun istalgan jamoada imkon bor. Yuqori o‘rinlarda borayotgan jamoalarning ochkolari deyarli teng. Shu bois, hozir imkoniyatlar haqida gapirish erta deyish mumkin. Kuchli beshlik uchun kurash keskin kechmoqda”.
“Nimeli va boshqa legioner futbolchilarning shartnomalari haqida nimadir ayta olmayman. Bu klubning ichki siri. Aytishim mumkinki, biz har qanday kelishuv va muzokaralarga doim ochiqmiz”.
“Futbolchilar atayin vaqt cho‘zishgandek ko‘rinishgan bo‘lishi mumkin. Ammo, aslida bunday emas. Murabbiylar shtabi maydonda yotgan futbolchiga turishi kerakligini aytdi xatto. Futbolda jarohatlar bo‘lishi tabiiy. Bunga boshqacha nazar tashlash kerak. Vaqt cho‘zish haqida umuman o‘ylamaymiz”.