Coca-Cola Superliga 22-turida mehmonda “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etgan “Andijon” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov g‘alaba haqida fikr bildirdi.
“O‘yin ustunligimiz va rejalarimiz asosida o‘tdi deyishim mumkin. Umuman, bugungi o‘yindan ko‘nglim to‘ldi. O‘yin avvalida biroz qiynaldik. Rejalarimiz o‘xshamadi. Ammo, keyinchalik ustunlikni o‘zimiz tomonga og‘dirishga erishdik. Xatolar qilmadik deya ayta olmayman. Kerak bo‘lmagan vaziyatlarda xato qildik va gol o‘tkazib yubordik. Shunga qaramay, yigitlar o‘zlarini qo‘lga olishdi va nafaqat hisobni tenglashtirishga erishdik, balki g‘alaba to‘pini ham kirita oldik”, - dedi Xomyakov.
“Raqib kuchli jamoa va ular haqida etarlicha tasavvurga ega edik. Ularning kuchli tomonlari, kamchiliklarini tahlil qildik. O‘zimizning jarima maydonimiz yaqinida to‘pni yo‘qotganda raqib tezkor qarshi hujumlar uyushtirdi. Raqib xududlar bo‘ylab hujumlar qilishni, xududlarda ochilishni xush ko‘radi. Bunga imkon bermay o‘ynashimiz lozim edi. Umuman olganda, bugun har jabhada ulardan yaxshiroq o‘ynadik”.
“Albatta, asabiy o‘yin bo‘ldi. Futbolda busiz bo‘lmaydi. Menda ham o‘yin davomida shunday holatlar bo‘ldi. Futbolchilar ham shunday holatlarga tushishdi. Buni to‘g‘ri qabul qilaman”.
“Bugun zaxiradan maydonga tushirilgan futbolchilarni topdik deya olaman. Biri penalti ishladi, biri gol urdi. Hullas, omadli almashtirishlar bo‘ldi”.