Coca-Cola Superliga 22-turida safarda “Olimpik” bilan durang o‘ynagan “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin durang, jismoniy holat, hujumchilarning sermahsullik borasidagi kamchiliklari va navbatdagi raqibga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi.
“Juda qiyin o‘yin o‘tkazdik. 80 daqiqa kamchilik bo‘lib o‘ynash qiyin, albatta. Shunga qaramay, yigitlar oxirigacha kurashishdi. Ularning mehnati va ishtiyoqi uchun rahmat”, - dedi Krestinin.
“Nima uchun ikkinchi taymlarni yaxshiroq o‘tkazayotganimiz o‘zimiz uchun ham qiziq savol. Buni aniqlashga, tahlil qilib nima uchunligini bilishga harakat qilamiz. Umuman, futbolda ikkinchi taymlar shunaqa odatda. Hamma bor kuchi bilan oldinga intiladi”.
“Hujumchilar emas, balki boshqa chiziq vakillari, deylik himoyachilar ko‘proq gol urishi biz uchun ham syurpriz deyishimiz mumkin. Hujumchilar bilan bu borada ishlaymiz. Hujumchi gol urmasa ham, jamoaga foydali harakatlari bilan yordam berishi mumkin. Zamonaviy futbol tendentsiyasi shunday. Barcha maydonda ter to‘kishi, jamoaga yordam berishga intilishi kerak”.
“Keyingi o‘yin haqida hozir o‘ylamayapmiz. Avval bugungi qiyin o‘yindan so‘ng tiklanib olishimiz kerak. Bugun, aytganimdek juda qiyin o‘yin o‘tkazdik. Ochko qo‘lga kiritdikmi? Ha, deyarli butun o‘yin davomida bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganimizni hisobga olsak, durang yomon natija emas. Bugun bir ochko qo‘lga kiritildi deyish mumkin”.