Coca-Cola Superliga 22-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Turon” (3:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Paxtakor” bugun o‘ylaganimizdek harakat qildi. 0:1 hisobida ortda qolayotganimizda vaziyatlar bo‘ldi. Nafaqat muvozanatni tiklashimiz, balki hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirsak bo‘lardi. Uchrashuvni ko‘rmaganlar hisobga qarab yirik hisob bo‘lganini ta’kidlashi mumkin, ammo o‘yin jihatdan yomon harakat qilmadik.
“Surxon”da o‘tgan yillarda ispaniyalik mutaxassis bilan birga ishladik. Ular tanaffus boshlanishi bilan kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olishmaydi. Men ham shuni qo‘llayapman. Sababi, futbolchilar dastlab o‘zaro muhokama qilib olishlari lozim. Qolaversa, 3-4 daqiqa davomida yordamchi murabbiylar bilan futbolchilarning holatini muhokama qilib olish imkoni ham bo‘ladi. Bu jihatni aynan ispanlardan o‘rgandim.
FIFA kunlarida biz “Navbahor” va “Qo‘qon-1912” jamoalari bilan o‘rtoqlik bahsi o‘tkazdik. Nazorat bellashuvi bo‘lsa ham baribir ular derbi maqomida o‘tdi va Murtozaev jarohat oldi. O‘tgan tur asosiy darvozabonimiz diskvalifikatsiya sabab maydonga tushmadi. Ikkinchi darvozabon To‘xtaboev esa mashg‘ulotlarda jarohat oldi. Natijada, uchinchi golkiperimiz Sayyotov bugun Superligada debyut qildi.
Shuningdek, bugun U19 jamoasidan Miraziz Muhammadaliev ham bosh jamoada ilk bor maydonga tushdi. Uning yoshlar jamoasidagi harakatlari bizga ma’qul kelgan edi. Yuqoridagi ikkita nazorat uchrashuvida gol ham kiritdi. Bugun ham unda vaziyatlar bo‘ldi. Jarohatlar ko‘p va klub yoshlarga ishonch bildirishni rejalashtirmoqda”, – dedi Nazarov.