Coca-Cola Superliga 21-turida o‘z maydonida “Paxtakor” klubini mag‘lub etgan “Andijon” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov g‘alaba haqida o‘z fikrini bildirdi.
“Albatta, xursandman. Jamoa g‘alaba qozonsa butun Andijon bayram qiladi. Barchani tabriklayman. O‘yinga kelsak, raqib amaldagi chempion va bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Ular OChL bahsida ancha kuch sarflashgan edilar. Biz aniq reja asosida o‘ynadik. Raqibga imkon bermay, minimum vaziyatlar yaratishiga erishdik. Yoqimli va kerakli g‘alaba”, - dedi Xomyakov.
“Ikkinchi taymdagi futbolchi almashtirishlar qanot himoyachilarimizning biroz charchaganliklari uchun amalga oshirildi. Ular katta hajmdagi ishni bajarishdi. Abdug‘aniev ancha charchadi. Umuman, o‘yinimizga biroz yangicha qon olib kirish uchun ushbu o‘zgartirishlarni amalga oshirdik. Bugun darvozabonimiz bir necha bor bizni qutqardi. Qolaversa, Xebay fantastik gol urdi. “Paxtakor”dek jamoani yutish albatta katta ehtiroslarni beradi”.
“Xebayning shartnomasi hali yakunlanmagan. Keyingi mavsum haqida avvalo rahbariyat bilan gaplashib olamiz”.