Coca-Cola Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Turon” – “Metallurg” (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“G‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni ishga soldik. Birinchi bo‘lim to‘liq bizning reja asosida kechdi. Ikkinchi taymda esa e’tiborsizlik natijasida to‘p o‘tkazib yubordik. Afsuski, g‘alabani qo‘ldan chiqardik. So‘nggi bahslarda mag‘lubiyatlar seriyasi ichida qolgan edik. Bugun durang o‘ynadik. Futbolchilarga va og‘ir vaziyatga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligmni bildiraman.
Birinchi davradan so‘ng 9 futbolchi jamoamizni tark etdi va tarkibni yoshartirdik. Jumanqo‘ziyev “Navbahor” bilan uchrashuvda jarohat olgan edi va o‘sha jarohatini davolatmoqda. Norbekov oyog‘ini qayirib olgan. Kamolov va Xursandovda ham jarohat mavjud. Shu sababli boshqa yosh futbolchilarga tayanishga majburmiz. Bugun ular yomon o‘ynashmadi. OKMK, “Andijon” va “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etgan “Metallurg”ga munosib qarshilik ko‘rsatishdi.
Kim bilan o‘ynashimiznining farqi yo‘q. “Paxtakor” yoki “Navbahor”ga qarshi bahsda ham g‘alaba uchun intilamiz. Oldinda hali 6 tur mavjud. Kuchimiz teng jamoalardan ochko olsak, balki ligada qolishimiz ham mumkin. Bugun g‘alaba qozonganimizda, “Qizilqum”ga yaqinlashardik va intriga kuchayar edi. Jamoaga kelganimda, 5 ochko va g‘alabasiz seriya mavjud edi. Shunday bo‘lsa ham, ishlashda davom etamiz.
Kelgusi mavsumda ham jamoada olib qolish mumkin bo‘lgan futbolchilar mavjud. Oldindagi olti uchrashuvda ular yanada ko‘zga tashlanib qolsa ajab emas. Kelajagi bor futbolchilarni jamoada saqlab qolishga intilamiz. Kecha U19 jamoamizning “Nasaf”ga qarshi bellashuvida yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilar bo‘ldi. Hozir ularni bezovta qilmaymiz. Ammo yig‘inlarda albatta U19 jamoasidan 6-7 futbolchini jalb qilishni rejalashtirganmiz”, – dedi Nazarov.