Coca-Cola Superliga 19-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Bunyodkor” (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘yin “Bunyodkor”ning rejasi asosida o‘tdi va natija kutganimizdek bo‘lmadi. Tarkibda muammolar bilan maydonga tushdik. Holatimizni yaxshi bilardik. Shunga qaramay, vaziyatlar yarata oldik. O‘z maydonimizda gol kiritishga qiynalyapmiz va bugungi natija ham shuni ko‘rsatib turibdi.
Futbolchilarga katta e’tirozim yo‘q, ammo hujumda biroz sovuqqon harakat qilish kerak edi. “Qaldirg‘ochlar” bizning toliqishimizni kutishdi va qarshi hujumdan unumli foydalandi.
Eshmurodov betobligi sababli bugun qaydnomadan o‘rin olmadi. Bu bizning jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Umid qilamanki, kelgusi bahsda maydonga qaytadi”, – dedi Berdiyev.