Coca-Cola Superliga 19-turida o‘z uyida “ Navbahor ”ni mag‘lub etgan “Andijon” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov g‘alaba, omad, raqib va Suhrob Berdievning goli haqida gapirdi.
“Barchani tabriklayman. Juda xursandman. Bugun muxlislarga bayram qilib berishni xohlagandik. Qiyin uchrashuvda g‘alabaga erishdik. Futbolchilarga o‘yinga bo‘lgan munosabatlari va mehnatlari uchun rahmat aytaman. Qiyin g‘alaba. “Navbahor”ga qarshi o‘ynash juda qiyin. Bugun omad ham biz tomonda edi”, - dedi Xomyakov.
“Raqib qaysidir ma’noda muammolarga duch kelgani haqida bilardik. Jamoa ko‘p o‘yin o‘tkazdi. Ammo, baribir raqib safida sifatli va darajasi yuqori futbolchilar to‘p suradi. Faqat intensivlik evaziga ustunlikka erishishimiz mumkin edi. Bugun bu reja to‘liq o‘xshadi demagan bo‘lardim. O‘yinning ko‘p qismida maydon markazini boy berdik. Shunday bo‘lsada, oxirigacha kurashdik. Imkon poyladik va g‘alabaga erishdik”.
“Suhrob Berdiyevning maydonga tushirilishi omadli keldi. U sakkiz daqiqa ichida qahramonga aylandi. Nafaqat men, balki jamoadoshlari ham unga rahmat aytishimiz kerak. U maydonga tushib barchasini o‘zgartirib yubordi”.
“Agar hisob 0:2ga etganda vaziyatni o‘zgartira olishimiz qiyin bo‘lardi. Bizning hujum potentsialimiz, o‘yinchilarimizning holati bunday raqibga qarshi bunday hisob bo‘lib turgan paytda vaziyatni o‘zgartirish uchun balki kamlik qilgan bo‘lardi. Birinchi golni o‘tkazgan paytimizda xato qildik. Ammo, vaziyatni o‘nglay oldik. Murabbiyga zaxira o‘rindig‘i oldida vaziyatni baholash qiyinchilik tug‘diradi. Maydon chetida boshqacha ko‘rinadi. Shu bois, o‘yin davomidagi xatolarni o‘yin tugagach tahlil qilganimiz qulayroq”.