O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ustavining 4.10-bandiga muvofiq Liga qatnashchisi o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuritilishini ta’minlashi lozim.
Xabaringiz bor, 24-sentyabr kuni Birinchi liga mavsumi o‘z yakuniga etadi va endilikda jamoalar Birinchilik kubogida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘radi. Har ikki musobaqa g‘olibi yakunda Pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun maydonga tushishi kerak bo‘ladi.
Birinchi ligani mavsum avvalida 17 ta klub boshlagan bo‘lsa, ular orasidan “Nurafshon” hamda “Yangiyo‘l” mavsum o‘rtasida musobaqa bilan xayrlashdi. Liga moliyaviy-xo‘jalik faoliyati lozim darajada yuritilmayotgan yana bir qator jamoalar haqida ma’lumotga ega. Shundan kelib chiqib, futbol jamoalari tomonidan qatnashchilik majburiyatining bajarilishi, shu jumladan, jamoaning moliyalashtirilishi, futbolchilar, murabbiylar va boshqa ishchilarga ish haqi va boshqa to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini monitoring qilish yuzasidan ishchi guruh tuzilgan. Mazkur ishchi guruh a’zolari joriy yilning 25-30-sentyabr kunlari Birinchi liga qatnashchisi bo‘lgan futbol jamoasi faoliyatini o‘rganish uchun xizmat safariga yuboriladi.
Ishchi guruh xulosasi asosida Birinchi liga jamoalari Birinchilik kubogida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuritilmayotgan futbol jamoalari 2024-yilgi mavsumni Ikkinchi ligada o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.