Coca-Cola Superliga 19-turida safarda “Surxon” ustidan g‘alaba qozongan “Qizilqum” klubi bosh murabbiyi Jamshid Saidov g‘alaba, futbolchilarga bo‘layotgan bosim, taktika va Shulayyaning goli borasida gapirdi.
“Bugun nihoyat uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik. Buning uchun yigitlarga rahmat. “Surxon” qanday jamoa ekanini, ularning kuchini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Bugun tanlagan taktikamiz ish berdi. Qarshi hujumlarda ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Bugun shogirdlarim barcha ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdi. Hali amalda hech nima qilmadik. Barcha muhim o‘yinlar hali oldinda”, - dedi Saidov.
“Surxon” 6-o‘rinda bormoqda va ularda hech qanday bosim yo‘q. Bizda esa, aksincha. Futbolchilarda turnir jadvalidagi holat tufayli bosim yuzaga kelgan. Ruhiy jihatdan ancha qiynalayapmiz. Yigitlar buni o‘ylab siqilishadi, albatta. Men ularni o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishlari uchun harakat qildim. Bizga hozir o‘zimizdan boshqa hech kim yordam bera olmaydi. Faqat o‘zimiz o‘zimizga yordam berishimiz mumkin”.
“Shulayyaning goli? Ha, gol rosa chiroyli chiqdi. Buni mashg‘ulotlarda sinagandik. Uning golini Van Persining goliga qiyoslashayotgani xursand qiladi”.