Vitaliy Levchenko: Chempionlik uchun kurash hali davom etadi

Coca-Cola Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Andijon” (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Bellashuv ancha murakkab kechdi. Golli vaziyatlarni etarlicha tashkil qildik. Lekin yakunlashda aniqlik etishmadi. Yana ayrim paytlarda raqib posboni yaxshi harakat qildi. To‘g‘risi, ko‘p vaziyatlarni yaratdik. Oxirgi nuqtani qo‘ya olmadik. Shu sababli ko‘p gapirishni istamayman.

Faqat Adhamzoda bilan o‘yinni tashkil qildik, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Hamma teng harakat qildi. Qanotlardan yaxshi hujumlar tashkil qildik. Ammo yakuniy natijani hosil qilishda aniqlik bo‘lmadi.

Nikabadzening o‘yini? Qani, o‘ylab ko‘ring-chi, qaysi hujumchi har bir o‘yinda gol uryapti? Masalan, bugun Hebay gol urdimi? Siz aytayotgan legionerga ham vaqt kerak. U ham sehrgar emas, men ham sehrgar emasman. Nikabadze gol uradi, faqat ozgina vaqt kerak. Futbolchiga moslashuv jarayoni kerak. Busiz qiyin. Moslashib olganidan keyin jamoaga yordam beradi. Ha, biz yutishni xohlaymiz. Lekin bu oson ish emas. Qani, ayting-chi, Tabatadze “Navbahor”da gol uryaptimi? Urolmayapti. Unga ham moslashish uchun vaqt kerak. Bu har qanday o‘yinchi uchun muhim. Ammo natija ham bizga muhim.

“Andijon”ga katta bosim uyushtirdik. Siz o‘sha vaziyatlarni ko‘rdingizmi? Ularning o‘yinini yaxshilab kuzatdingizmi? Birinchi raqam bo‘lib o‘ynashmadi. Himoyalanishdi va keyin hujumga o‘tishdi. Har xil taktikalar bor. Ularni o‘yin davomida doim ham qo‘llashni imkoni yo‘q. Vaziyatga qarab o‘yinchilar joy tanlashadi. Taktika-taktika deysiz? Qarang, “Neftchi” “Andijon”ga qanday bosim uyushtirdi? Shuncha bosim bo‘lsa-da, raqib darvozaboni Litovka qancha seyvlar bilan jamoasini gollardan qutqatib qoldi? Har qancha taktika qilsangiz ham agar raqib yaxshi himoyalansa baribir qiyin bo‘ladi. Futbolda taktikadan boshqa holatlar ham bor.

Hali hammasi oldinda. “Navbahor” chempionlik uchun kurashyapti. “Neftchi” ham chempionlik uchun intilyapti. Shuningdek, “Nasaf” va OKMK ham. Qarang, “Paxtakor” ikkita o‘yinni yutqazsa va “Neftchi” ikkita uchrashuvni yutsa barchasi o‘z o‘rniga tushadi. Futbolda biror nima deb bo‘lmaydi, har xil holatlar yuz berishi mumkin. Chempionlar ligasida 4 ta jamoa qatnashadi. Bu esa har qanday klubga o‘ziga xos bosim yuklaydi. Bizning jamoaga OChL va ichki chempionatda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb o‘ylaysizmi? Chempionlik uchun kurash tugadi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Barchasi oldinda. Syurprizlar bo‘lishi mumkin.Eng asosiysi, qo‘lni tushirmaslik va oldinga intilish.

FIFA kunlarida uchta nazorat uchrashuvini rejalashtirganmiz. Bugungi kunda raqiblar bilan muzokaralar olib boryapmiz. 5 sentyabrdan tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz. O‘ylaymanki, chempionatimizdagi tanaffus paytida keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘ramiz”, – dedi Levchenko.

mib
uzcard
cola
apex
bmb