Aleksandr Xomyakov: Ochko qo‘lga kiritish juda ham qiyin kechmoqda

Coca-Cola Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Andijon” (0:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Ancha qiyin o‘yin bo‘ldi. Vodiy derbisi edi va bunday uchrashuvlarda juda ham shiddatli bahs kechadi. Men ham aynan shunday shiddatni kutgandim. “Neftchi” jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, bir qator vaziyatlarni yaratdi. Himoyada mustahkam o‘ynadik va to‘p o‘tkazib yubormadik. Maydon markazida ham yaxshi o‘ynadik, deb o‘ylayman. Markazga ham ko‘p narsa bog‘liq edi. O‘rtada ishonchli o‘ynadik va kerakli ishlarimizni shu joyda amalga oshirdik. O‘yindagi bosim kuchli edi. Raqib xavfli hujumlar tashkil qildi. Shunga qaramay, darvozamiz daxlsizligini saqlab qola oldik. Yigitlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

To‘g‘risini aytaman, bir-ikki vaziyatlarda markazda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Ba’zi holatlarda maydon markazida yaxshi harakat qilgan bo‘lsak-da, yana ayrim paytlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. Ayrim pallalarda o‘yinni nazorat qilishga intildik. Bilmadim, balki qaysidir holatlarda biz uchun o‘yinni cho‘zish holatlariga to‘g‘ri kelgandir. Buni albatta ko‘rib chiqamiz. Ammo bu kabi bellashuvlarda har narsa bo‘lishi mumkin, axir. Aytganimdek, raqib ham yaxshi o‘ynadi. O‘rni kelganda uchta himoyachi bilan harakat qilgan holatlar ham bo‘ldi. Yana bir bor futbolchilarimga rahmat. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda mardonavor kurashishdi. Raqib qancha hujum qilishidan qat’iy nazar yigitlarning barchasi mardlarcha darvozamizni munosib himoya qilishdi. Darvozabonimiz ham jamoamizni qutqardi.

To‘g‘ri, bunday uchrashuvlarda futbolchilarning emotsiyalarga berilib ketishi tabiiy holat. Azimov o‘zini qo‘lga olishi kerak edi. Bungacha qizil kartochka tufayli o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandi. Ha, maydonga tushgach, o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi. Bu borada uni tushunaman. Albatta, bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yuborib yana maydonga qaytgach, chetlatilganida yaxshi ish bo‘lmasdi. Bunday bahslarda o‘yinchi o‘zini nazorat qilishi kerak.

Har xil taktik usullarni qo‘llab ko‘ryapmiz. Futbolda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Shuni hisobiga “Neftchi” uchta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. Barcha jamoalar yaxshi himoyaviy o‘yin ko‘rsatishyapti, deb o‘ylayman. Albatta, nima bo‘lishini mavsum so‘ngida ko‘ramiz. Hozir har bir jamoa uchun har bir ochko qimmatli. Bir ochkoni topishning o‘zi oson bo‘lmayapti. Klublar natija uchun kurashishyapti. Chempionat ishtirokchilari ochko olish uchun turli xil uslublarni qo‘llab ko‘rishyapti. Shu sababli bugungi kunda futbol turli kurash va emotsiyalarga boy o‘yin hisoblanib qoldi. Barchaga ochko zarur. Qo‘lga kiritilgan har bir ochko chempionat oxirida asqotadi. “Neftchi” ikkinchi davrada ancha faol harakat qilyapti, deb o‘ylayman. G‘alabalarga erishishi uchun yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishi kerak deb hisoblayman. O‘ylaymanki, “Neftchi” jamoasining g‘alabalari hali oldinda. O‘z muxlislarini xursand qila oladi”, – dedi Xomyakov.

mib
uzcard
cola
apex
bmb