Coca-Cola Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Nasaf” (1:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Og‘ir uchrashuv bo‘ldi, g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. Boisi, “Surxon” jamoasi futbol o‘ynaydi va bunda har bir jamoaga katta qiyinchilik tug‘diradi. Tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Bu qaysidir ma’noda o‘zini oqladi, ammo hisob ishonchli ko‘rinish olgach, ko‘proq hisobni saqlashga intildik.
Biz ikki xil sxemada to‘p tepib kelyapmiz. So‘nggi vaqtlarda 3 ta himoyachi bilan o‘ynayapmiz. Sababi, tarkibimizda O‘zbekistonning eng yaxshi 4 ta markaziy himoyachisi o‘ynar edi. Ulardan unumli foydalanish, shuningdek, qanot yarim himoyachilarimiz kamligi uchun ham ushbu sxemada o‘ynab kelayotgan edik. “Paxtakor” bilan bahsda bu naf keltirdi. Bugun esa 4 himoyachi bilan to‘p nazorati, qarshi hujumlar borasida ham yaxshi harakat qildik. Tarkibimizda mavjud barcha futbolchilardan foydalanishimiz kerak. Sizning jamoangizda Aliqulov, Davronov, Eshmurodov va G‘aybullayev bo‘lsa, kimni zaxiraga o‘tkazish borasida uzoq bosh qotirasiz. Shuning uchun 3 markaziy himoyachi bilan to‘p tepib keldik.
Bu mavsum jamoalar natijaga erishish uchun himoyaviy futbol ko‘rsatishmoqda. Bu tendentsiyani Qatardagi JChda ham ko‘rdik. Chempion Argentina ham, Frantsiya ham himoyadan harakat qilishdi.
Ayni vaqtda Ergashev yaxshi formada bo‘lgani uchun Ne’matov zaxirada qolmoqda.
Jamoada ijrochilar bo‘lsa, rotatsiya qilishga ham imkon bo‘ladi. Bu ayniqsa, zich taqvimda qo‘l keladi. Superkubokda maydonga tushgan ko‘plab futbolchilarga bugun dam berdik. Chavesni katta umidlar bilan jamoaga taklif qilgan edik. Hujumda samaradorlikni oshirish, raqobat yaratish uchun uni olib kelgan edik. Adaptatsiya jarayoni kechikmoqda. Qolaversa, hozir uning kichik jarohati mavjud va shu sabab uni tarkibga jalb qilmayapmiz. Hujumchilardan ko‘proq samarali o‘yin va gollar kutamiz. Lima Kruzdan ham shuni talab qilamiz”, – dedi Berdiev.