Coca-Cola Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Paxtakor” (2:3) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Futbolchilarga u qadar katta e’tirozim yo‘q. Biz uchta vaziyatda muvozanatni yo‘qotdik. Natijada “Paxtakor” uchta vaziyat yaratdi va uchalasidan foydalanib ketdi. Biz esa o‘zimiz yaratgan imkoniyatlarimizdan etarlicha foydalana olmadik. Yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Ular oxirigacha kurashishdi. Boya aytganimdek, ularga katta e’tirozim yo‘q. Agar yomon o‘ynaganimizda e’tiroz bildirishim mumkin edi. Ammo unday emas. Biz oxirgi turgacha harakat qilamiz.
Har doim imkoniyat bo‘ladi va har bir o‘yinchiga o‘sha imkoniyatni beryapmiz. O‘yinchilarni o‘ziga yarasha funktsional jihatlari bor. Yana ko‘ramiz.
Har bir o‘yinda ikki xil taktika qo‘llayapmiz. Bizda himoyaviy va hujumkor taktika bor. Biz darhol sxemani o‘zgartirishimiz mumkin. O‘ylashimcha, bu normal holat.
Muzaffarov navoiylik yosh va iqtidorli futbolchi. Undan umidimiz katta. Yaxshi o‘yin ko‘rsatishga intilyapti. Unga imkoniyat beryapmiz va ikkinchi o‘yinida maydonga tushdi. U bilan yana ishlashda davom etamiz.
Jamoamiz qarshi hujum va pozitsion hujumlar orqali vaziyatlarga ega bo‘lib boryapti. Bir qator holatlarda darvozabon jamoasini gollardan qutqarib qoldi. Bilasizmi, jamoamizda jiddiy muammolar yo‘q. Albatta, muxlislarni to‘g‘ri tushunib turibman, ular haq gapni aytishyapti. Chunki biz chindan oxirgi o‘rindamiz. Yigitlarni o‘zlari ham har bir uchrashuvning ahamiyatini yaxshi his qilib turishibdi. Turnir jadvalidagi holatimiz hammasini aytib turibdi. Har bir uchrashuv biz uchun oxirgi imkoniyatdek. Jamoani g‘alabalarga etaklash uchun maksimal darajada harakat qilyapmiz. Faqat qayerdadir omadimiz chopmayapti. O‘yinlarimizni ko‘ring, qancha imkoniyatlarni yaratyapmiz, lekin gol ura olmayapmiz. Penalti orqali bir nechtasini kiritdik. Ha, penaltidan foydalanayotganimiz ham yaxshi, lekin o‘yindan gol urishda qiynalyapmiz. Vahobovda ikkita qulay vaziyat bo‘ldi. Hozirgi holatda ruhiy bosim bor. Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib muxlislar va rahbariyat natija talab qilishyapti va bunga haqlilar”, – dedi Saidov.