O'zbekiston Superkubogi uchun "Paxtakor" hamda "Nasaf" klublari o'rtasidagi bellashuvdan (1:2) keyin "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiyev va jamoa yetakchisi Marko Stanoyevich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Berdiyev: Sovrin yutish doim yoqimli. Bugungi g‘alaba bilan barchani tabriklayman. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, uchrashuvni xato bilan boshladik. Ustiga ustak, xato ortidan gol ham o‘tkazib yubordik. Faqatgina javob to‘pidan so‘ng o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik.
Mazkur bellashuvda ko‘proq himoyaviy harakat qilib, qarshi hujumda o‘z omadimizni sinab ko‘rishimiz reja qilingan edi. Asosiysi, kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonib, sovrin qo‘lga kiritdik.
"Paxtakor" uchrashuvlarni asosan bitta tarkib bilan o‘tkazmoqda. Biz ularda charchoq alomatlari borligini bilardik. Kuzatganingizdek, raqib 25-daqiqadan so‘ng nisbatan sust o‘ynashni boshladi. Zaxira o‘rindig‘imizning kattaroqligi bahs natijasiga ta’sir ko‘rsatib, g‘alabamiz kaliti bo‘lib xizmat qildi. Shuning uchun ham tarkibni kengaytirish yo‘llarini izlayapmiz. Ular bizga keyingi uchrashuvlarda asqatadi.
Lima ba’zi vaziyatlardan foydalana olmayotgan bo‘lishi mumkin, ammo u Chavez va Amonovga qaraganda raqibga ko‘proq bosim o‘tkazadi. Shu sababli u o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlamoqda. Albatta, hujumchidan doim gol kutiladi. Biroq jamoaga boshqa yo‘l bilan ham yordam berish mumkin.
Bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman, chempionatimizda o‘rtamiyona jamoalar qolmadi. Hech kim osonlikcha taslim bo‘lmayapti. Ba’zi klublar ko‘proq natija uchun harakat qilmoqda. Tan olish kerak, bizga barqarorlik yetishmayapti.
Bugungi raqib - "Paxtakor" hujumkor futbol namoyish etadi. Ba’zida qaysidir jamoa o‘yinni himoyadan qursa, bu bizga qiyinchilik tug‘diradi. O‘z navbatida, hujumchilarimizda ham muammo yo‘q emas. Buning ustida ishlayapmiz.
Superkubokdagi g‘alaba ruhiy ustunlik beradi. Avvalgi uchrashuvlardagi yomon natijalar ortda qoldi. O‘ylaymanki, sovrin shogirdlarimga ruhiy tomondan dalda bo‘ladi.
Stanoyevich: Bizni qanday o‘yin kutib turganini yaxshi bilardik. Ketma-ket uchinchi yil Superkubokda "Paxtakor"ga qarshi maydonga tushmoqdamiz. Avvalgi ikki safar mag‘lub bo‘lgandik, bugungi g‘alaba o‘zgacha quvonch bag‘ishladi. Muxlislarimizni xursand qilish maqsadida doim g‘alaba uchun maydonga tushamiz.