Xabaringiz bor, ertaga Jizzax shahrida "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalari o'rtasida O'zbekiston Superkubogi uchun bellashuv o'tkaziladi. Bugun ushbu o'yin oldidan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Uning ikkinchi qismida "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiyev va Mateus Lima Kruz ishtirok etdi.
Berdiyev: Ertangi o‘yinda favorit yo‘q deb hisoblayman. Ikkala jamoa ham bor kuchini ishga solishi aniq. Faqat vaziyatlardan unumli foydalanish muammosi pand bermaydi degan umiddaman. Bosh maqsadimiz bir - yana bitta sovrinni qo‘lga kiritish.
Hozir ikki klubni ham bir xil darajada deyish mumkin. Chempionat hamda kubok bahslari, shuningdek, xalqaro maydonda ham bizni qiyin bahslar kutib turibdi. Har bir musobaqaga bir xil kuchni tashlash uchun maksimal ishlaymiz. O‘z kuchimizga ishonch yuqori. Bu prinsipial bahs. Kuchli jamoa g‘alaba qozonadi. Albatta, o‘sha klub biz bo‘lamiz.
Iste’fo har bir murabbiyning taqdirida bor narsa. Ertami-kechmi bu sodir bo‘ladi. Lekin mening bugun bu haqda o‘ylashga haqqim yo‘q. Qachon ishdan ketishimdan qat’i nazar, mavsum oldidagi rejalarni bajarishga katta urg‘u beraman. Nima bo‘lgan taqdirda ham qilgan ishimdan faxrlanaman. Hammasini "Nasaf" va uning sodiq muxlislari uchun qilganman.
Natija, bu sovrin hozir hammaga muhim. Taktik yurishlar kuchli bo‘ladi deb o‘ylayapman. Kichik detallarga ham e’tibor berish talab etiladi. Zero, avvalgi bahslarda bo‘lgani kabi bu ham oyoqdan chalib qolmasligi zarur. Chunki har ikki jamoa bir-birini juda yaxshi biladi.
Hujumchi muammosi o‘tgan yil ham kuzatilardi. Biroq endi, Norchayev ketgach bu muammo yana ham keskinlashib ketdi. Yangi hujumchilar oldik. Muammoni yechish maqsadida legionerlarga suyandik. Mashg'ulotlarda ishlamoqdamiz. Shunga qaramay muammoning o‘zgarishi qiyin bo‘lyapti.
Lima Kruz: "Paxtakor" bilan qayd etilgan natijalar o‘tmishda qoladi. Statistikani o‘zgartirish vaqti keldi. Ertangi bahsga psixologik 100 foiz tayyormiz deb ayta olaman.
Chavez bilan sog'lom raqobatdamiz. Bu yil jamoa safiga ko‘plab legionerlar kelib qo‘shildi va barchamizning maqsadimiz bir xil - klubga ko‘proq foyda berish. Raqobat yaxshi narsa. Kim uchrashuv oldidan yaxshi imkoniyatga ega bo‘lsa, o‘shanga maydonda ham imkon beriladi, faqat jismoniy holati yaxshi bo‘lsa bas.
Ma'lumot uchun, "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalari o'rtasidagi Superkubok uchun bellashuv "So'gdiyona" markaziy stadionida soat 19:30 da boshlanadi.