Coca-Cola Superliga 17-turida o‘z maydonida “Metallurg”ni mag‘lub etgan “Paxtakor” bosh murabbiyi Maksim Shatskix g‘alaba, liga darajasi, Pavlyuchenko va Superkubok haqida fikr bildirdi.
“Masalani birinchi taymdayoq ijobiy hal qilish kerak edi. Vaziyatlar yaratdik, ammo ularni golga aylantirishda oqsayapmiz. Raqib chuqur himoyaga yotishini va qarshi hujumlarga tayanib o‘ynashini bilardik. Ularda ham vaziyatlar bo‘ldi. Biz o‘yinda raqibdan yaxshiroq o‘ynadik va haqli g‘alabaga erishdik. Yaratilgan vaziyatlardan kelib chiqsak, bugun yirikroq hisobda yutishimiz mumkin edi”, - dedi Shatskix.
“Chempionatda oson o‘yin yo‘q. Yuqori o‘rinlar uchun ham, pastda ham janglar ketmoqda. Zerikarli degan fikrga qo‘shilmayman. Shunchaki, maydonga chiqib istalgan raqibni mag‘lubiyatga uchrata olmaysan. Sermahsullik pasaygan bo‘lishi mumkin. Aynan shu jihat muxlislarga yoqmayotgandir. Barcha g‘alaba uchun o‘ynayapti, barchaga ochko kerak”.
“Suyunov o‘z ustida ishlashni kamaytirdi va o‘ziga bo‘lgan talabni tushirib yubordi. Pavlyuchenkoga hali imkoniyat beriladi”.
“Superkubok o‘yinida qanday taktikada va tarkibda o‘ynashimizni o‘yin kuni bilib olasiz. Tabiiyki, ikki xil musobaqa va o‘yin ham farqli bo‘ladi. Unga yaxshilab tayyorgarlik ko‘ramiz”.