Coca-Cola Superliga 11-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Paxtakor” (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Mamlakatimizning ikki kuchli jamoasi o‘zaro bellashdi. Bu katta bahs. Katta uchrashuvlarda odatda bitta gol o‘yin taqdirini hal qiladi. “Paxtakor” to‘p bilan ko‘p muomala qilgan bo‘lsa-da, biz qarshi hujumlarda keskin vaziyatlar yaratishga harakat qildik. Standart vaziyatda e’tiborni yo‘qotdik, “sherlar” o‘sha vaziyatda gol kiritishi mumkin edi. Unga qadar esa bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Umuman, o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi.
Natija bizni qoniqtirmadi. Biz g‘alaba qozonishni istagan edik. Afsuski, bu amalga oshmadi. Hujumdagi harakatlarimiz muammoligicha qolmoqda. Bugun barcha hujumchilar maydonga tushdi, vaziyatlar yaratib, gol kiritishda oqsadik.
Legionerlar jamoaga foyda keltirishga imkon qadar harakat qilmoqda. Bizning futbol oson emas. Futbolchi qayerdan kelishidan qat’iy nazar futbolimizga ko‘nikish kerak. Jabada ikkita vaziyat bo‘ldi, golga aylantirganida, hisob boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Kutilgan natija bo‘lmaganidan keyin hech bir futbolchidan qoniqish hosil qilmaymiz. Hujumdagi muammoni echish kerak. Mashg‘ulotlarda qancha ishlamaylik, o‘yindagi bosimni his qilib o‘ynaganda, vaziyatdan foydalanish qiyin bo‘ladi.
Uchrashuvlarimizga e’tibor berilsa, qolgan jamoalarga qaraganda o‘yinimizda mazmun bor. Buni futbolchi va mutaxassislar yaxshi bilishadi. Bu mavsum barcha jamoalarga barqarorlik etishmayapti. Etakchi jamoalar ham ochko yo‘qotib turibdi. O‘yin sifati borasida hech bir jamoadan ortda emasmiz. Yagona muammo esa hujum. Pasayish haqida gapirganda, biz mavsum avvalida eng yaxshi hujumchimizni yo‘qotdik, mavsum o‘rtasida esa O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisini yo‘qotdik. Buni ham inobatga olish lozim.
Sidiqov 10 kun jarohatini davolatish bilan band bo‘ldi. Jamoaga qo‘shilganiga 5 kun bo‘ldi. Jismoniy holati yaxshilansa, albatta maydonga tushadi”, – dedi Berdiev.