Coca-Cola Superliga 16-turi doirasida o‘z uyida “So‘g‘diyona” bilan durang o‘ynagan “Neftchi” klubi bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko durang, raqib jamoalarning “Neftchi”ga qarshi motivatsiyasi, raqib himoyasi va Arabulining holati haqidagi savollarga javob berdi.
“Hozir raqib jamoalar “Neftchi”ga qarshi o‘yinlarga boshqacha tayyorlanishmoqda. Bu biz uchun balki motivatsiya deyish mumkin. Qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor berishimiz kerakligini bilib olish imkoni bor. Hozir barcha jamoalar bizga qarshi shunday o‘ynashlariga ko‘nikishimiz kerak. Futbolchilar harakat qilishdi, ammo barchasi ular o‘ylagandek oson emas. Hisob 0:0 va o‘ylashimcha o‘yinga mos natija bo‘ldi”, - dedi Levchenko.
“Yuqori darajada futbol o‘ynaganingda barchasiga tayyor bo‘lish lozim. Hozir barcha jamoalar ochko uchun kurashmoqda. Hozir oddiy o‘yin yo‘q. Qo‘limizni qovushtirmay keyingi o‘yinga tayyorlanamiz”.
“Raqib bugun yaxshi himoyalandi. Raqib himoyachilari bosimdan chiqib ketishni uddalashdi. Biz esa bu himoyani yorib o‘tishda qiyinchiliklarga duch keldik. Hozir nimanidir qattiq o‘zgartirishni o‘ylamayapmiz”.
“Arabulining jismoniy holati hozir unchalik ko‘ngildagidek emas. O‘zining oxirgi o‘yinidan keyin ancha vaqt futboldan tashqarida qoldi. Shuning uchun uning bu erga moslashish jarayoni biroz qiyin kechayapti. Uning ikkinchi taym avvalida almashtirilishi shu bilan bog‘liq. Uning avvalgi formasiga qaytishi uchun vaqt kerak”.