Coca-Cola Superliga 16-turidan o‘rin olgan OKMK – “Olimpik” (2:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“OKMKni g‘alab bilan tabriklayman. Olmaliqliklarga xalqaro maydonda omad tilayman. Ikkala jamoa ham bugun yaxshi harakat qildi. Imkoniyatlarimiz bo‘ldi, nafaqat durang, balki, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Jamoalar natija uchun to‘p tepishdi. OKMK o‘z imkoniyalarini golga aylantirdi, biz esa yo‘q. Olmaliqliklar bugun maydonda ko‘proq ikkinchi raqam ostida o‘ynashdi. Qarshi hujumlarda bizni jazolashga harakat qildi. O‘ylashimcha, bugungi bahs ikkala murabbiy uchun ham foydali bo‘ldi.
Futbolchilar hali yosh. Ularning ruhiyatida pasayish bo‘lishi mumkin. Yigitlarning o‘zi g‘alaba qozonishni istayapti. Balki mening bosimim ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgandir. O‘yin jihatdan g‘alabaga erishsak bo‘lar edi, bugun ham, oldingi bahslarda ham. Umuman olganda, bunday uchrashuvlarda foydali jihatlar ko‘rinmoqda va ular ustida ish olib boryapmiz.
OTJ uchun Superliga bahslari qurbonlik qilinmayaptimi? Yo‘q, unday emas. OTJ tarkibida boshqa klub futbolchilari ham bor va eng kuchlilar yig‘iladi. Birinchi davrada o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan futbolchilarni jamoamizga jalb qildik. Kim yaxshi formada bo‘lsa, termaga chaqiriladi. “Olimpik” va OTJ doim o‘zaro aloqada. Xorijda 5 futbolchimiz to‘p tepyapti. Bundan tashqari, qolgan klublar safida o‘ynayotganlar ham bor. Ularning ko‘pligi meni xursand qiladi. Oldimizda muhim o‘yinlar kutib turibdi. Barchaning jismoniy holatiga qarab, termaga chaqiramiz”, – dedi Kapadze.