Coca-Cola Superliga 15-turidan o‘rin olgan “Olimpik” – “So‘g‘diyona” (3:3) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Qiziqarli uchrashuv guvohiga aylandik, bu tabloda ham o‘z aksini topdi. G‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi. Har ikki jamoa yaxshi harakat qildi. Raqib bizning o‘yin uslubimizni sinchkovlik bilan o‘rgangani sezildi. Mashg‘ulotdagi ishlanmalarimiz qaerdadir o‘xshadi, qaerdadir yo‘q. Umuman olganda, shogirdlarim maydonda borini berdi.
Albatta, harakatlarimizda kamchiliklar bor. Yigitlar birinchi va ikkinchi golda yosh bolalarcha xato qilishdi. Penalti belgilangan vaziyatda himoyachimiz aqlliroq harakat qilishi lozim edi. Ikkinchi to‘pni o‘tkazib yuborgan vaziyatimizda jonli devor ko‘ngildagidek harakat qilmadi. O‘yin murabbiylar uchun foydali bo‘ldi deb ayta olaman. Ko‘zga tashlangan kamchiliklarni bartaraf etamiz, bugun foyda bergan taktikani yana qaytarishga urinamiz.
Yoshidan qat’iy nazar, maydonda barcha teng. Agar hakamlar uchun kimning necha yoshdaligi muhim bo‘lsa, u aksincha, mening shogirdlarimga yon bosishi kerak. Menimcha, referilarimiz bunday qilmayapti. Qoida bor va ular o‘yinni shu asosda boshqarmoqda. Hakam barchaga bir xil munosabatda bo‘lishi shart. Agar buni aksi bo‘lsa, u noto‘g‘ri ish qilayotgan bo‘ladi. Hakamlikni nazorat qiluvchi tashkilot bor. Ular har bir vaziyatni ko‘rib chiqadi. Biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz.
Jasur Jaloliddinovning mahoratiga hech kimda shubha bo‘lmasa kerak. Biz hujumlarni tashkil etishda uning ijodkorligidan foydalanyapmiz. Nafaqat Jasur, boshqa shogirdlarim ham yaxshigina texnikaga ega. Ba’zida u, ba’zida boshqalar katta sahnaga chiqmoqda”, – dedi Kapadze.