Coca-Cola Superliga 15-turi doirasida safarda “Paxtakor”ni mag‘lub etgan “Neftchi” klubi bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko g‘alaba, raqibning kuchli tomonlari, bosim va jamoaga yangi qo‘shilganlar haqida fikr bildirdi.
“Bizni qiyin o‘yin kutib turganini bilardik. “Paxtakor”6ning “Dinamo”ga qarshi Kubok doirasidagi o‘yinini chuqur tahlil qildik. Ularni o‘rgandik. Bugun yigitlar berilgan ko‘rsatmalarni to‘liq bajarishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘yin oxiridagi raqib bosimiga chidab berishdi. O‘ylaymanki, bugun haqli g‘alabaga erishdik”, - dedi Levchenko.
“Raqibning avvalgi o‘yinini o‘rganganimizda ular asosan vertikal paslar orqali o‘ynayotgani, qanotlardan ikki nafar hujumchisiga paslar bo‘layotganini ko‘rdik. Bunga qattiq tayyorgarlik ko‘rdik va ularning barcha hujumlarini qaytarishga erishdik. Futbolchilar imkon qadar raqibga imkoniyat qoldirmaslikka harakat qilishdi”.
“Hozir jadvaldagi o‘rnimizga qaramayapmiz. Chempionlik poygasi? Hamon poygadamiz. Hali poygadan chiqib ketmadik. Oldimizda hali etakchilarga qarshi bahslar bor. Qolaversa, turnir jadvalining pastgi qismida borayotgan jamoalar hali har bir ochko uchun kurashadilar. Aytishim mumkinki, bizga ham, bizga qarshi o‘ynaydigan jamoalarga ham oson bo‘lmaydi”.
“Ayrim o‘yinlarda omad ham kelayotgani muhim. Futbolda omad kuchlilarga kulib boqadi. Oldindan qaysi o‘rinni egallashimiz mumkinligi haqida fikr bildira olmayman. Hali barchasi oldinda va chempionatimiz endi qizimoqda”.
“Jamoadagi ayrim yetakchi futbolchilarning ketgani o‘yinimizga u qadar ta’sir qilmadi. Jamoaning o‘zagini saqlab qoldik. Qolaversa, yangi kelgan futbolchilar jamoamizga kirishib keta oladilar deya olaman”