Buxoroning “Nurafshon” jamoasi moliyaviy qiyinchilik sabab Birinchi ligadan chiqishini bildirib Ligaga xat yo‘lladi. Shu yilning 3-avgust sanasida yozilgan xatga klub direktori Azim Xolov imzo chekkan.
“Nurafshon” 2022-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra O‘FA tomonidan tashkil etilgan pulka musobaqasida g‘olib chiqib, Birinchi ligaga qo‘shilish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi. Keyinchalik jamoa Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov kafolati ostida Liga qatnashchilari safiga qabul qilindi.
Birinchi ligadagi debyut mavsumida “Nurafshon” 10 ta uchrashuv o‘tkazib, 13 ochko olishning uddasidan chiqqandi. 5-avgust holatiga ko‘ra buxoroliklar birinchilik turnir jadvalida 17 jamoa orasida 9-o‘rinni egallab turgandi.
“Birinchi liga reglamenti”ning 9.10-bandiga asosan qatnashchilar safidan chetlashtirilgan jamoa shu musobaqa doirasida qancha uchrashuv o‘tkazganidan qat’iy nazar uning barcha natijalari bekor qilinadi. Ogohlantirish va chetlatishlar esa o‘z kuchini saqlab qoladi. Shundan kelib chiqib, “Olimpik-farm”, “Sementchi”, “Olimpiya”, “Shahrixonchi”, “Jayxun” kabi jamoalarning ochkosi endilikda 3 taga, “Qumqo‘rg‘on”niki esa 1 taga kamayadi.
“Nurafshon” bilan shartnomasi mavjud bo‘lgan futbolchilar Birinchi liganing boshqa jamoasidan taklif olsa, ularning yangi jamoasi bilan tuziladigan shartnomasi transfer oynasidan tashqari holatda ham Liga ro‘yxatidan o‘tkaziladi.