Coca-Cola Superliga 14-turida safarda “Qizilqum”ni mag‘lub etgan “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan g‘alaba, Hoshimovning almashtirilishi, Tabatadze va Abdumannopov haqida gapirdi.
“Aytishim kerakki, mavsumlar oralig‘ida jamoalar kuchayishdi. Bugungi “Qizilqum” yaxshi shakllangan jamoa va bugun bizga qiyin bo‘lishini bilardik. Birinchi taym ancha qiyin kechdi. Ikkinchi taymdagi o‘zgarishlar tufayli g‘alaba qozonishimizga yordam berdi ”, - dedi murabbiy.
“Hoshimovni jarohati sabab almashtirishga majbur bo‘ldik. Birinchi taymda raqib unga ancha bosim uyushtirdi. Uning qanotidan ko‘plab hujumlar tashkil etishgani sabab ancha toliqqandi. Qolaversa, uning sariq kartochkasi borligi uchun tavakkal qilishni istamadik”.
“Tabatadze – yuqori saviyali hujumchi. Uning darajasiga shubham yo‘q. Abdumannopov haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Uning darajasi haqida tasavvurimiz bor. U ham, ikkinchi taymda maydonga tushgan boshqa futbolchilar ham o‘yinni kuchaytira olishdi”.
“Jamoaga yana bir himoyachi olayapmiz. Bu ampluada jamoamizda muammo yo‘q, ammo bu chiziqda ham raqobat bo‘lgani yaxshi. Yana kimnidir oladigan bo‘lsak, bu haqda ma’lumot beramiz”.