Coca-Cola Superliga 14-turida o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga mag‘lubiyatga uchragan “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin mag‘lubiyat sabablari, yangi futbolchilar, adaptatsiya va ikkinchi davradagi rejalar haqida gapirdi.
“Albatta, bugungi natija qoniqtirmadi. Ikki xil taym ko‘rdik. Ikkinchi taymda yaxshiroq o‘ynadik, ammo vaziyatlardan foydalana olmadik. Jamoada o‘zgarishlar qilayapmiz va hali oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p”, - dedi murabbiy.
“Ichki muhitimizda hozirda muammo yo‘q. Bugungi mag‘lubiyatdan futbolchilar ham ancha asabiylashishdi, hafa bo‘lishdi. Ular bundan ko‘prog‘iga qodirliklarini bilishadi”.
“Ikkinchi o‘tkazib yuborilgan golimizda Tairaning aybi yo‘q. Uni ikki futbolchi o‘zaro pas o‘ynab ortda qoldirib ketishdi. Bu vaziyatda savol boshqalarga berilishi kerak. Bu vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Tairaga ham, yangi qo‘shilgan boshqa futbolchilarga jamoamizga moslashishlari uchun vaqt kerak”.
“O‘yinga kim tayyor bo‘lsa, maydonga shu futbolchi tushadi. Tarkibni o‘yin kuni tanlaymiz. Men hech kimning pasportidagi yoshiga qaramayman. Raqobatda kim yutsa shu maydonga tushadi”.
“Bizning maqsadimiz ikkinchi davradagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish. O‘yin va psixologik jihatdan muammolar bor. Ularni bartaraf etish yo‘llarini izlaymiz. Bu hali juda ko‘p ishlar qilinishi kerakligini bildiradi. Mavsumni qanday o‘rinda tugatishimizni bilmayman. Hozir har o‘yinda g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapmiz”.