Coca-Cola Superliga 14-turida OKMKni mag‘lub etgan “Surxon” bosh murabbiyi Sergey Arslanov g‘alaba, Asadbek Karimov, navbatdagi raqib va Shaydulov haqida gapirdi.
“Bugun haqli ravishda g‘alaba qozondik. Birinchi taym keskin va tezkor tarzda o‘tdi. Ikkinchi taym ham tezkorlikda birinchisidan qolishmadi. To‘p uchun kurashlarda va havodagi duellarda raqibdan ustunlik qildik va bu g‘alaba uchun muhim omil bo‘ldi. Ikkinchi davrani yaxshi kayfiyatda boshlashimiz muhim edi. G‘alaba uchun futbolchilarga rahmat”, - dedi murabbiy.
“Asadbek Karimov oldingi o‘yinlarda jurnalistlar tomonidan ancha tanqid qilingandi. Karimov juda yaxshi futbolchi. O‘z ustida yaxshi ishlaydi. Raqib bilan yakkakurashlardan qochmaydi va doimo keskinlik yaratadi. Unga imkoniyat berdik va u bizni uyaltirmadi”.
“Keyingi tur safarda ancha qiyin raqibga qarshi o‘ynashimizni bilamiz. “Andijon” o‘z uyida muxlislari qarshisida boshqacha o‘yin namoyish etadi. Biz bunday holatni yaqinda Xitoydagi yig‘inimiz davomida ko‘rgan edik. Xitoyda 17000 muxlis qarshisida o‘ynash qanday qiyinligini bildik. Bir-birimizni umuman eshitmadik. Andijonda ham deyarli shunday holat va biz bunga tayyormiz. Avval ham aytganimdek raqib ajratmaymiz va har bir jamoaga jiddiy munosabatdamiz”.
“Behruz Shaydulov haqida gapirsam, uni uchta so‘z orqali tariflagan bo‘lardim – ishonch, professionallik va stabillik”.