Coca-Cola Superliga 14-turidan o‘rin olgan “Olimpik” – “Paxtakor” (0:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarin bildirib o‘tdi.
“Qiziqarli bahs bo‘ldi. Bugun yigitlar futbol o‘ynashga harakat qildi. Afsuski, “Paxtakor” futbolchilari tezkor goldan so‘ng vaqt cho‘zishga harakat qilishdi. “Sherlar” bunday tarkibi bilan yaxshisi, futbol o‘ynasa bo‘lardi. To‘xtalishlar juda ham ko‘p bo‘ldi. Biz bugun futbol o‘ynamoqchi edik. Mehmonlar esa shunday usul bilan tempni buzishga harakat qildi. O‘zimizning xatolar sabab ikkita to‘p olib chiqdik. Ikkala vaziyatda ham hujumni bartaraf etishning imkoni bor edi.
Raqib “Paxtakor” edi. Ularga qarshi doimo to‘g‘ri o‘ynash kerak. Jamoamizdagi mavjud barcha kuchlarni bugun maydonga tushirdim. Zaxirada ham yaxshi futbolchilar bor. Ikkinchi davra endigina boshlandi. Ibragimovni bugunni o‘ylab olmadik. U yaxshi futbolchi. Barchasidan to‘g‘ri hulosa chiqaramiz.
“Paxtakor” Xoldorxonovni bizga berishni istamayapti. O‘ylashimcha, klub uni qo‘yib yuborganida yaxshi bo‘lar edi. Boisi, “sherlar”ning hujum chizig‘ida futbolchilar etarlicha va qancha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Uning nimalarga qodir ekanligini bilamiz. Shu sabab u bizning jamoada harakat qilganida ko‘proq o‘ynagan bo‘lar edi. Futbolchini terma jamoaga tayyorlashda o‘yin amaliyoti muhim sanaladi.
Abdunabiev yig‘in vaqtida jarohat olgan edi va bugun ilk o‘yinini o‘tkazdi. U yaxshi darvozabon. To‘g‘ri, xatolar kuzatilyapti, ular yosh. Tajribali darvozabonlar ham xatoga yo‘l qo‘yishmoqda. Yoshlar o‘sha xatoni qilib tajriba orttirishadi. “Chig‘atoy”dan Nemanovni safimizga qo‘shib oldik, u ham yomon darvozabon emas. Qaysi biri kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynayveradi. Muhimi ularga o‘yin amaliyoti berishimiz kerak. Ular maydonga tushmasa, xatolarini ham bilmaymiz. Bu yoshda xato qilish normal holat.
Men uchun futbolchilarning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi muhim. Ular termaga tonusda kelishlari lozim. Masalan, hozir Norchaevdan havotirdaman. U juda ham kam maydonga tushmoqda. Termaga chaqirilganda formada emasligiga guvoh bo‘ldim.
Jo‘raqo‘ziev kelgusi uchrashuvda ham maydonga tushmasligi mumkin. Ikki-uch kundan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlaydi. Uning ham yo‘qligi katta yo‘qotish”, – dedi Kapadze.